21:45 / 31.03.2016
2212

Toshkentdagi harbiy qismda Amir Temur tavalludining 680 yilligiga bag‘ishlangan madaniy-ma'rifiy tadbir o‘tkazildi

Toshkent shahridagi harbiy qismlardan birida Amir Temur tavalludining 680 yilligiga bag‘ishlangan madaniy-ma'rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Jamoatchilik kengashi a'zolari, tarixchi olimlar, yozuvchilar, san'atkorlar ishtirok etdi.

Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi raisi N.Habibullayev, Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori X.Fayziyev, O‘zbekiston xalq artisti T.Mo‘minov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida xalqimiz ma'naviyatini yuksaltirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ulkan ishlar jarayonida Amir Temur merosi shijoat, mardlik va adolat timsoli sifatida yuksak qadr va e'zoz topayotganini ta'kidladi.

Sohibqiron qudratli davlat asoschisi, ilm-fan, madaniyat va ma'naviyat homiysi, dunyo sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk bunyodkor shaxsdir. Ulug‘ ajdodimizning Osiyo va Yevropa qit'alaridagi o‘zgarishlarga hal qiluvchi ta'siri nainki dunyo tarixchi-olimlari, siyosatchilari, yozuvchilari, balki harbiy ilm mutaxassislarining ham diqqat-eʼtiborini hali-hamon o‘ziga jalb etib keladi.

– Sohibqiron hayoti, purma'no o‘gitlari har birimiz uchun ibratlidir, – deydi oddiy askar Islom Sulaymonov. – Buyuk bobomiz o‘z tuzuklarida qayd etgan “Bilagi zo‘r birni, bilimi zo‘r mingni yiqar” kabi hikmatli so‘zlari, teran ma'noli ko‘rsatmalari, ayniqsa, hozirgi globallashuv zamonida insonni doimo aql-idrok, hamjihatlik, ilmu ma'rifat asosida yashashga undaydi. Prezidentimiz rahnamoligida Qurolli Kuchlarimiz tizimida amalga oshirilayotgan yetuk bilimli, yuksak ma'naviyatli harbiy xizmatchilar tayyorlashga qaratilgan izchil islohotlar zamirida Sohibqironning ana shu da'vati mujassam.

San'atkorlar ijrosidagi qo‘shiqlar tadbirga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.

Top