12:49 / 31.03.2016
1447

Turkiya fuqarosi Somalida uyushtirilgan hujum vaqtida halok bo‘ldi

Turkiya TIV mamlakat fuqarolaridan biri 30 mart kuni Somali poytaxti Mogadisho shahrida noma'lum shaxslar tomonidan uyushtirilgan hujum qurboniga aylanganini tasdiqladi. Bu hujum vaqtida bir nafar ozarbayjonlik ham halok bo‘lgan.

30 mart kuni Mogadishoda noma'lum shaxslar turkiyalik ishchilar ketayotgan mikroavtobusni o‘qqa tutishgan.

Sinxua agentligi xabariga ko‘ra, hujum Turkiya elchixonasi yaqinida sodir etilgan va hujum oqibatida jami 4 kishi halok bo‘lgan.

Reyter agentligi xabarida esa bu hujum natijasida turkiyalik 6 kishi halok bo‘lgani aytilgan.

Hujum qiluvchilar voqea joyini tezda tark etishgan, hujum sabablari aniqlanmay qolgan. Hozircha bu hujum uchun javobgarlikni hech bir tashkilot o‘z zimmasiga olmagan.

Somalida "Ash-Shabob" ("Yosh mujohidlar harakati") nomli jangarilar guruhi faoliyat olib boradi. Bu guruh "Al-Qoida" tashkiloti ta'sirida yuzaga kelgan. "Ash-Shabab" a'zolari doimiy ravishda Somali hududidagi hukumat binolari va BMT qarorgohlariga hujumlar uyushtiradi. 23 mart kuni harbiy bazaga uyushtirilgan hujum natijasida 73 nafar harbiy halok bo‘lgandi.

AQSh bu guruhni 2008 yilda xalqaro terrorchi tashkilotlar qatoriga kiritilgandi.

Somali 1991 yilda Siada Barre rejimi qulagach, amalda yagona davlat sifatidagi maqomini yo‘qotgandi. Qonuniy hukumat poytaxt shahar Mogadisho va atrofdagi hududlarni nazorat qiladi. Mamlakatning qolgan qismi turli guruhlar tomonidan nazorat qilinadi. Mamlakat markazida tan olinmagan Galmudug davlati tuzilgan.

Top