10:50 / 31.03.2016
1354

Xitoy va Hongkong politsiyasi 3 mingga yaqin noqonuniy muhojirni qo‘lga olishdi

Xitoy va mamlakatning maxsus maqomdagi boshqaruv tumani bo‘lgan Syangan (Hongkong) huquq tartibot idoralari tomonidan o‘tkazilgan qo‘shma amaliyot natijasida 2943 kishi qo‘lga olingan.

"Amaliyot odam savdosiga qarshi kurash doirasida tashkil etilgan", deb xabar beradi XXR jamoat xavfsizligi vazirligi.

Ushlanganlarning 2860 nafari janubi-sharqiy Osiyo, 83 nafari esa janubiy Osiyo vakillaridir. Ularning barchasi Hongkongga ish qidirib kelishgan.

Syangan oroliga noqonuniy muhojirlikni bartaraf etish maqsadida 17 oydan beri shu kabi amaliyotlar o‘tkazib kelinmoqda. Unda Hongkong politsiyasidan tashqari, Guandun provinsiyasi, Guansi-Chjuan avtonom hududi va Yunnan provinsiyasi huquq idoralari ishtirok etib, muhojirlarni tashish bilan shug‘ullanib kelgan 3ta yashirin sindikat yo‘q qilingan. Jinoiy guruhlarning 142 nafar faol a'zosi tergov qilinmoqda.

Ma'lumki, Xitoy hukumati noqonuniy muhojirlik muammosiga qarshi huquqiy va amaliy jihatdan keskin kurashib keladi.

Top