20:38 / 01.04.2016
4079

1 apreldan O‘zbekistondagi 56ta korxonaning davlat aksiyalar paketlari sotuvga qo‘yildi

Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 28 apreldagi “Iqtisodiyotda xususiy mulkning ulushi va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2340-sonli hamda Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 10 fevraldagi "O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Aktsiyadorlik jamiyatlariga xorijiy investorlarni jalb etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" 2015 yil 21 dekabrdagi PQ-2454-son qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida"gi 33-sonli qarorlariga asosan xorijiy investorlarga sotilishi belgilangan 56ta aksiyadorlik jamiyatining davlat aksiyalar paketlari bo‘yicha birja savdolariga taklif qilmoqda.

Birja ma'lumotlariga ko‘ra, bu korxona va tashkilotlarning savdoga chiqarilgan aksiyalari narxi boshlang‘ich baholarga ko‘ra 915 mln dollarga yaqinni tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining2015 yil 21 dekabrdagi "Aktsiyadorlik jamiyatlariga xorijiy investorlarni jalb qilish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PQ-2454-sonli qaroriga asosan davlat aktivlarini sotib oladigan xorijiy investorlarga bir qator imtiyozlar taqdim etilgan, jumladan:

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 11 apreldagi PF-3594-sonli Farmoni bilan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarga xorijiy investor tomonidan kiritilgan investitsiyalar hajmiga qarab yuridik shaxslarning foyda solig‘i, mulk solig‘i, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i, yagona soliq to‘lovi, shuningdek Respublika yo‘l jamg‘armasiga majburiy ajratmalar to‘lash bo‘yicha berilgan imtiyozlar tabaqalashtirilgan tarzda xorijiy investorning ulushi ustav kapitalining 15 foizidan 33 foizigacha miqdorni tashkil etadigan aksiyadorlik jamiyatlariga tatbiq etiladi;

- 2020 yilning 1 yanvarigacha xorijiy investorlarning aksiyadorlik jamiyatlarida ularga tegishli bo‘lgan aksiyalaridan dividend tarzida olayotgan daromadidan soliq to‘lashdan ozod qilinadi;,

- xorijiy investitsiyasi mavjud aksiyadorlik jamiyatlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan taqdirda da'vo arizasi bilan sudga murojaat etganda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi, keyinchalik davlat boji sudning tegishli qarori bilan aybdor deb topilgan tomondan undirib olinadi.

2015 yilning dekabrida raqobatni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi aktivlarni "Toshkent" birjasi orqali sotuvga qo‘yishni boshlagandi. O‘shanda sotuvga qo‘yilgan aktivlar bahosi 700 mln dollar edi. Lekin shu vaqtgacha bu savdolarning barchasi amalga oshirilmadi.

Bugundan aksiyalar ulushi savdoga chiqarilgan kompaniyalar qatorida dekabrda aksiyalari sotuvga qo‘yilib, sotilmay kelayotgan korxonalar ham bor: "Navoiyazot" AJning 49 foiz aksiyasi (202,24 mln dollar), "Farg‘onaazot" AJning 48,05 foiz aksiyasi (152,9 mln dollar), "Kvarts" AJning 75 foiz aksiyasi (94,358 mln dollar), "Qizilqumsement" AJning 35,9 foiz aksiyasi (160,66 mln dollari).

Top