15:23 / 01.04.2016
2291

Sherlok Holms roli ijrochisi Duglas Uilmer vafot etdi

«Bi-bi-si» tomonidan 1965-1968 yillarda suratga olingan Sherlok Holms haqidagi serialda bosh qahramon obrazini yaratgan Duglas Uilmer 96 yoshida Londonda vafot etdi. Bu haqda The Hollywood Reporter nashri xabar tarqatgan.

Duglas payshanba, 31 mart kuni Angliyaning Saffolk grafligidagi kasalxonasida uzoq davom etmagan kasallikdan so‘ng olamdan ko‘z yumgan. O‘limga aynan qanday kasallik sabab bo‘lgani noma'lumligicha qolmoqda.

Aktyor 1975 yilda suratga olingan "Sherlok Holmsning mug‘ombir ukasi sarguzashtlari" filmida ham shu obrazda namoyon bo‘lgan.

Bundan tashqari ijod pillapoyasi davomida Uilmer bir necha marotaba taniqli josus bilan "to‘qnashgan". Jumladan, u ITV’ning "Sherlok Xolmsning raqiblari" serialida professor Van Dusen rolini ijro etgan.

U "Sherlok" serialida uncha katta bo‘lmagan rol o‘ynagan. 2012 yilning "Reyxenbax sharsharasi"da ham epizodda chiqqan. Serial ijodkorlaridan biri Mark Getiss aktyorning o‘limi munosabati bilan ta'ziya izhor qildi.

Uilmer 1920 yilning 8 yanvarida Londonda tug‘ilgandi. Qirollik akademiyasining san'at va drama yo‘nalishida tahsil olgan aktyor o‘z vaqtida Shimoliy Afrikada xizmatda bo‘lgan. 1945 yilda sahnada ilk bor ko‘rinish bergan, 60-yillardan boshlab kinolarda rol ijro eta boshlagan. «Kinopoisk» ma'lumotiga ko‘ra, aktyor taxminan 70ta film va seriallarda o‘ynagan.

Top