15:56 / 02.04.2016
1386

Tayvanning Hon Hai korporatsiyasi Sharp aksiyalarini 66 foizini sotib oldi

Tayvanning Hon Hai Precision Industry korporatsiyasi yapon elektronika ishlab chiqaruvchi kompaniyasi bo‘lmish Sharpning 66 foizli aksiyasini 388.8 milliard iyen (3.5 milliard dollar atrofida)ga sotib oldi. Mazkur shartnomani imzolash marosimi yapon kompaniyasining bosh idorasi joylashgan Osaka shahrida bo‘lib o‘tdi.

“Umid qilamizki, kelishuv kompaniyaning moliyaviy ahvoliga ijobiy ta'sir qiladi. Joriy qilingan investitsiyalar esa o‘sishda hizmat qiladi”, - deya qayd etdi Sharp prezidenti Kodzo Takaxasi Hon Hai rahbari Terri Gou bilan birgalikda o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Tayvan korporatsiyasidan olingan mablag‘larning deyarli yarmini Sharp yangi avlod LED displeylarini ishlab chiqarishga sarflashni rejalashtirgan. Bu displeylar Apple kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan smartfon va planshetlarida foydalanishga mo‘ljallangan.

Tomonlar ushbu shartnomani fevral oyining oxirida imzolashga kelishishgan edi. Biroq, Tayvan korporatsiyasi Sharp kompaniyasining so‘nggi paytlarda sezilarli yo‘qotishlarni boshdan kechirayotgan moliyaviy majburiyatlariga tegishli ba'zi bir tushunmovchiliklar sabab kelishuvni biroz keyinroqqa qoldirgan edi. Dastavval kelishuv narxi 489 milliard iyen (4.35 milliard dollar) miqdorida bo‘lishi kerak edi.

Avvalari Sharp yapon hukumati tomonidan xususiy biznes hamkorligida yaratilgan Sanoatni yangilash jamg‘armasi bilan faol kelishuvlarni olib bordi.

Jamg‘arma kompaniyani nazorat qilish sharti bilan unga 300 milliard iyen (2.5 milliard dollar) ajratishni taklif qilgan.

Hon Hai Precision Industry – dunyodagi eng yirik elektron qurilmalar yetkazib beruvchi korporatsiya. U Foxconn brendi ostida, jumladan, amerikaning Apple kompaniyasi bilan shartnoma bo‘yicha XXRda iPhone smartfonlarini o‘z majmuida to‘playdi. Sharp bilan tuzilgan yangi hamkorlik bitimi orqali kompaniya o‘z texnologik ko‘rsatkichini ko‘tarishni, maishiy elektronika sohasidagi biznesning yangi yo‘nalishlariga chiqishni maqsad qilgan. Hon Hai bosh idorasi Tayvanda joylashgan bo‘lib, mahsulotlarni asosan Xitoydagi kompaniyalarida ishlab chiqaradi.

Yaponiyaning Sharp kompaniyasi o‘tgan yilda o‘z moliyaviy holatini 222.35 milliard iyen (1.87 milliard dollar atrofida) hajmidagi sof zarar bilan yakunlagan edi.

Top