19:25 / 04.04.2016
1482

Boku harbiy to‘qnashuvlar vaqtida Armaniston armiyasining 170 nafar askari yo‘q qilingani haqida e'lon qildi

Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Tog‘li Qorabog‘ hududida davom etayotgan qurolli to‘qnashuvlar davomida Armaniston armiyasiga tegishli bo‘lgan 12ta tank, shuningdek 170 nafar armanistonlik askar yo‘q qilingani haqida ma'lum qildi. Bu haqidagi e'lon 4 aprel kuni vazirlik rasmiy saytiga joylashtirilgan.

"Keyingi soatlarda biz armanistonliklarning harbiy ig‘volariga qarshi javob qaytardik. Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan yo‘llangan zarbalar vositasida armanlar vahimaga tushgan holda qurollarini tashlab chekina boshladi", deydi Ozarbayjon Mudofaa vaziri Vagif Dyargaxli.

Hujum davomida armanistonlik generallar va polkovniklar halok bo‘lgani aytilgan. Mudofaa vazirligi, shuningdek, o‘tkazilgan operatsiyaga aloqador videolavhalarni chop etishga va'da qilgan.

Vagif Dyargaxli mahalliy vaqt bilan soat 16:00da front chizig‘ida qurolli to‘qnashuvlar davom etayotgani haqida ma'lum qilgan.

"Shu daqiqalarda Agder-Terter va Fizuli-Xo‘javand yo‘nalishlarida vaziyat keskinligicha qolmoqda. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, armanistonliklar hujumga o‘tishgach, Ozarbayjon qurolli kuchlari javob qaytarishgan", deydi u.

O‘z navbatida, Yerevan Armaniston artilleriyachilari Qorabog‘—Ozarbayjon to‘qnashuv chizig‘ida Ozarbayjon zaxira bo‘linmalarini yo‘q qilganligini bayon qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2 aprelga o‘tar kechasi Tog‘li Qorabog‘dagi Ozarbayjon va Armaniston chegarasida to‘qnashuvlar kelib chiqqan va hozirga qadar davom etmoqda.

Top