21:58 / 04.04.2016
1702

Luis Enrike: «Atletiko»ga qarshi birinchi o‘yinda darvozamizdan gol o‘tkazmagan holda g‘alaba qozonishimiz kerak»

«Barselona» bosh murabbiyi Luis Enrike Yevropa chempionlar ligasining chorak final bosqichi doirasida «Atletiko»ga qarshi o‘yin oldidan o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Biz o‘yinga bor kuchimizni tashlaymiz, bunga shubha bo‘lmasligi kerak. «Barselona» g‘alaba qilish-qilmasligi haqida aniq ayta olmayman, lekin hozir jamoamizning ayni vaqtdagi holati g‘alabaga imkon berar darajada yaxshi.

Biz o‘yin uslubimizni o‘zgartirmaymiz. O‘yin davomida to‘pni raqib tomonida ushlab turishga va yo‘qotishlar bo‘lmasligiga harakat qilamiz. Maqsadimiz raqibdan yaxshiroq bo‘lish. Bu «Barselona»ga omad keltiradi.

G‘alaba qozonishni istash bilan birgalikda, o‘z darvozamizdan gol o‘tkazib yubormaslikni o‘ylashimiz kerak. O‘z maydonimizdagi bor imkoniyatlardan foydalanishimiz kerak, axir oldinda javob o‘yini kutib turibdi.

So‘nggi yillarda «Atletiko» bilan YeChL doirasida ikki marta to‘qnash keldik. Shunga qaramay, raqibni yanada o‘rganish kerak. Bu safar raqib boshqacha o‘ynashi mumkinligiga tayyor bo‘lishimiz lozim. «Atletiko» — o‘zining aniq falsafasiga ega bo‘lgan top-jamoa. Bu jamoa turli raqiblar uchun alohida uslublarga ega jamoa. Ular yuqori pressing qo‘llashadi va qarshi hujumda xavfli o‘ynashadi.

Biz «Real» bilan 65 daqiqa davomida yaxshi o‘ynadik. Albatta, biz xatolarga yo‘l qo‘ydik, lekin bunday saviyadagi jamoalar bilan o‘yinlarda bu oddiy holat. «Real» bilan o‘yindan qoniqish hosil qildim, axir biz mashina emasmiz. Mag‘lubiyat alamini unutdik. Umid qilaman, tezroq g‘olibona yo‘lga tushib olish uchun ushbu mag‘lubiyat bizga qo‘shimcha motivatsiya beradi.

«Atletiko» safida mahorat bobida kuchli futbolchilar bor — Grizmann va Torres. Bu jamoa yana bir necha jihatlari bilan bizga muammo yaratishi mumkin. «Atletiko» standartlar paytida va himoyadan hujumga o‘tishda xavfli», — deydi Enrike.

Eslatib o‘tamiz, o‘yin 5 aprel kuni Barselona shahrida bo‘lib o‘tadi.

Top