20:35 / 04.04.2016
4944

O‘zbek klipmeykerlarining “yashirin kserokopiya”si fosh etildi

O‘zbek shou biznesida faoliyat yuritayotgan klipmeykerlarning “ilhomlanish manbaini topgan” “Darakchi” nashri ularning ayrimlaridan tashkil topgan ro‘yxatni e'lon qildi.

1. Yosh xonanda Botir Yaminovning “Arazladingmi yana” klipida rossiyalik qo‘shiqchi Yegor Kridning “Nevesta” qo‘shig‘iga ishlangan klipning kadrlarini ko‘rish mumkin. Xonandaning bino yonida kuylashi, raqqosalar qurshovida binoni aylanib yurishi, dasturxon atrofida yigit qizga qo‘shiq kuylashi, hatto aktrisa qizning noz-karashmasi ham aynan o‘xshash. Klipmeyker — Sarvar Valiyev.

2. Manzuraning “Hayotim” klipi Rossiya estradasi xonandalari Vera Brejneva va Dan Balan ijrosidagi “Lepeskami slez” qo‘shig‘iga ishlangan klipdagi kadrlar bilan o‘xshash. Ranglar uyg‘unligi, mavzular o‘xshashligi, romantika yo‘g‘rilgani, xullas, barcha-barchasi o‘xshash.
Klipmeyker — Sarvar Isayev.

3. Lola Ahmedovaning “Unutolmadim” qo‘shig‘iga ishlangan klip Rossiya estradasi vakillari Grigoriy Leps va Ani Lorakning “Zerkala” duetiga ishlangan klip bilan bir xil. Ikki klipda ham xonandalar katta ko‘prikdagi tirband avtomobillar orasida sevgisidan azob chekib kuylashadi.
Klipmeyker — Jasur Shametov.

4. Rayhon G‘aniyevaning “Dilimo” klipida Rossiya estrada xonandasi Nyushaning “Ty gde, tam ya” qo‘shig‘iga ishlangan klipga o‘xshashligini payqash mumkin. Ikki klipda ham Misr manzarasi ko‘rinishida raqqosalar va xonanda sho‘x raqsga tushadi. Misrdan tashqari hind raqslari yo‘nalishini ham kuzatasiz.
Klipmeyker — Yodgor Nosirov.

5. Lolaning “Yaralangan qanot” qo‘shig‘iga “Benom mediya” studiyasi tomonidan suratga olingan klipda qizning muhabbatga aldangani, otasi undan voz kechgani kabi voqealar asosida bir qizning ayanchli taqdiri ko‘rsatib berilgan. Ammo unda turk kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan “Suv va olov” filmidagi voqealar bilan juda o‘xshashligini sezish mumkin. Masalan: Ikki ijod namunasida ham bosh qahramon nogiron bo‘ladi. Ularning ikkisi ham aldanib, homilador bo‘lib qoladi. Filmda ham klipda ham qizlar yomg‘ir yog‘ayotgan payt bekatda yig‘lab o‘tirishadi. Ikkala holatda ham qizlar otasidan kechirim so‘rab kelganida otalar ularni kechira olmaydi.

6. Hojiakbar Haydarovning “Do‘lana” qo‘shig‘iga ishlangan klip ham Rossiya estrada xonandasi Timatining “GQ” qo‘shig‘iga ishlangan klip bilan bir xil. Masalan, xonandaning xatti-harakati, klipda rol ijro etgan artistlarning raqs va harakatlari ham bir tomchi suvdek o‘xshash. Klipmeyker — Shuhrat Mavlonov.

Top