15:57 / 04.04.2016
1953

Qirg‘izistonda yangi harbiy shaharcha barpo etilmoqda

Qirg‘izistonda bunyod etilayotgan harbiy shaharcha, Shanxay hamkorlik tashkilotining ilk yirik harbiy mashg‘ulotlariga tayyorgarlik doirasida qurilmoqda, deb xabar qilmoqda Sputnik Qirg‘iziston agentligi Respublika qurolli kuchlari Bosh shtabidagi manbasiga tayangan holda.

"Tinchlik missiyasi — 2016" harbiy aksilterror mashg‘ulotlari, 5-12 sentabr kunlari Issiqko‘l viloyatidagi "Edelveys" o‘quv bazasida o‘tkaziladi. Unda, mezbonlardan tashqari, Qozog‘iston, Xitoy, Rossiya va Tojikiston harbiy bo‘linmalari qatnashadi.

Aytish joizki, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va Xitoy bu kabi harbiy o‘quv mashg‘ulotlarga mezbon bo‘lishga ulgurgan.

Hozirda, mashg‘ulotlar o‘tishi rejalashtirilgan hududda xalqaro me'yorlar asosida keng qamrovli qurilish ishlari olib borilmoqda, deyiladi Bosh shtab xabarida.

Eslatib o‘tamiz, ShHTga O‘zbekiston, Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston a'zodir. Tashkilotning mintaqaviy aksilterror tuzilmasi 2004 yilda tashkil etilgan, bosh qarorgohi Toshkentda joylashgan.

Bundan tashqari, ShHTning O‘zbekistondan tashqari barcha a'zolari, harbiy sohada ishonchni mustahkamlashga qaratilgan “Shanxay beshligi” kelishuvi a'zolari ham hisoblanadi.

Top