23:50 / 04.04.2016
1486

Roskosmos Vostochniy kosmodromidan birinchi raketa uchirilishi sanasini e'lon qildi

Rossiyada qurilgan yangi Vostochniy kosmodromidan tarixdagi birinchi parvoz aprelning oxirgi chorshanbasi, ya'ni 27 aprelga belgilandi. Bu haqda "Roskosmos" davlat korporatsiyasi ma'lum qildi.

"Vostochniy kosmodromidan birinchi raketa uchirilishi 27 aprelda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu Moskva vaqti bilan 5.01 da yuz berishi kerak", deyilmoqda korporatsiya bergan bayonotda.

Ushbu sana 4 aprelda Rossiya davlat komissiyasi yig‘ilishida tasdiqlandi. "Soyuz-2.1a" raketa-tashuvchisi orbitaga "Aist-2D" koinot qurilmalarini, MDUning "Lomonosov" ilmiy yo‘ldoshi hamda SamSat-218 nanosputnigini olib chiqishi kerak.

"Roskosmos" mutaxassislari kosmodrom, raketa-tashuvchi va koinot qurilmalarining barcha tizimlarining parvozoldi tayyorgarligini boshlashdi. Raketani parvoz joyiga olib borish 23 aprelga belgilangan.

Amur viloyatidagi Vostochniy kosmodromi qurilishi 2012 yilda boshlangan. U fuqarolik maqsadlari uchun mo‘ljallangan birinchi milliy kosmodrom bo‘ladi va Rossiyaning koinotga mustaqil ravishda parvozini ta'minlashga imkon beradi. Kosmodromdan birinchi parvoz o‘tgan yilning 25 dekabriga belgilangandi, biroq qurilish jadvaldan ortda qolgani va boshqa sabablarga ko‘ra 2016 yilga ko‘chirilgandi.

Top