20:06 / 04.04.2016
1621

Xalqaro turnirda o‘zbekistonlik dzyudochilar bronza medalini qo‘lga kiritishdi

Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a'zolari Diyorbek O‘rozboyev va Dilshod Choriyev Turkiyaning Samsun shahrida o‘tkazilgan Gran-pri turkumiga kiruvchi xalqaro turnirda bronza medalni qo‘lga kiritdi. “O‘zA” xabar bermoqda.

Nufuzli turnirda oltmishdan ziyod davlatdan to‘rt yuzga yaqin sportchi sovrinli o‘rinlar bilan birga joriy yil Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi reyting ochkolari uchun ham bellashdi.

Vazni 60 kilogrammgacha bo‘lgan dzyudochilar bellashuvida qatnashgan Diyorbek O‘rozboyev mo‘g‘ulistonlik Amartuvshin Bayaraa, gruziyalik Luxumi Chxvimyanini yengib, mezbon sportchi Bakir Ozluga imkoniyatni boy berdi. Bronza medal uchun kechgan bellashuvda belaruslik Orif Bagirov va fransiyalik Vinsent Limarni mag‘lub etdi.

90 kilogramm vazn toifasida Dilshod Choriyev belaruslik Ixar Jukau, shveysariyalik Siril Grossklaus, ispaniyalik Nikoloz Sherazadishvilini mag‘lub etib, rossiyalik Husen Xolmirzayevga imkoniyatni boy berdi. Uchinchi o‘rin uchun kechgan bellashuvda polshalik Patrik Chexomski ustidan g‘alaba qozondi.

Top