07:17 / 05.04.2016
1345

Amerikalik konfet o‘g‘irlagani uchun 20 yilga qamalishi mumkin

34 yoshli Yakobia Grayms Yangi Orleandagi do‘konlardan biridan 31 dollarlik konfet o‘g‘irlagani uchun 20 yilga panjara ortiga tushishi mumkin, deb xabar bermoqda The Advocate nashri.

Gap shundaki, Grayms avval ham o‘g‘irliklar qilgani uchun 5 marta sudlangan bo‘lgan. Mahalliy qonunlarga ko‘ra, u endigi o‘g‘riligi uchun 20 yilga, vaziyat murakkabroq tus olganda esa umuman umrbod qamoq jazosiga mahkum qilinishi mumkin. Graymsning advokatlari uning butun "jinoiy faoliyati" davomida 500 dollardan qimmatroq turuvchi narsa o‘g‘irlamaganini ta'kidlashmoqda.

Odatda, Grayms do‘konlardan kiyim-kechak yoki yegulik o‘g‘irlagan. Misol uchun, u 2010 yilda do‘kondan shim va paypoq o‘g‘irlayotganda qo‘lga tushgan.

Ayni vaqtda jinoyatchi garov puli evaziga ozodlikka qo‘yib yuborildi. U 6 aprelda sud oldida javob beradi.

Top