10:38 / 05.04.2016
1525

Panama prokuraturasi ofshor haqidagi ma'lumotlardan keyin tergov boshlamoqda

Panama bosh prokuraturasi jurnalistlarning ofshor tarmog‘i haqidagi maqolasidan keyin tergov boshlamoqda, deb xabar bermoqda Sky News nashri.

"Mahalliy va xalqaro OAVlarda "Panama hujjatlari" nomi bilan ta'riflangan faktlar jinoiy tergov obekti bo‘ladi", deyilmoqda bosh prokuratura xabarida.

Avvalroq Fransiya, Hindiston, Buyuk Britaniya, Avstriya, Niderlandiya bu maqola bo‘yicha o‘z tergovini boshlashga tayyorligini ma'lum qilgandi. Islandiya aholisi ofshor tufayli mamlakat bosh vazirining iste'foga ketishini talab qilib namoyishlarga chiqdi. O‘z navbatida Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kremlda bunday maqolalarga javob berishga zarurat yo‘qligini aytdi.

3 aprelda OCCRP dunyo yetakchilari, siyosatchilar, sportchilar va madaniyat arboblarining ofshor bitimlariga aloqadorligi haqida katta ko‘lamdagi tergovni chop etdi. Ro‘yxatda Rossiya prezidenti Vladimir Putin, uning matbuot kotibi Dmitriy Peskov, Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Aleksey Ulyukayev, Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko, Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron, Islandiya bosh vaziri Sigmyundyur Gyunnleygsson hamda aktyor Jyeki Chan, futbolchi Lionel Messi va boshqalarning nomlari tilga olingan.

"Panama hujjatlari" ustida bir yil davomida Jurnalistik surishtiruvlar xalqaro konsorsiumi (ICIJ), Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni tadqiq qilish markazi (OCCRP) va butun dunyodan 107 ta OAVning bir necha yuz jurnalistlari ish olib bordilar. Jurnalistlarda bu ma'lumotlar Mossack Fonseca yuridik firmasidan ma'lumotlar chiqib ketishi natijasida paydo bo‘ldi.

ICIJ direktori ushbu mojaro haqida "bu Rossiya haqida emas, balki ofshor dunyosi haqidagi voqea bo‘ldi", deb aytdi.

Top