17:51 / 05.04.2016
2186

Toshiba uy elektr jihozlari ishlab chiqaruvchi bo‘limini Xitoyning Midea kompaniyasiga sotadi

Yaponiyaning Toshiba konserni xo‘jalik texnikalari ishlab chiqaruvchi bo‘limining 80,1 foiz aksiyalarini 473 million dollar evaziga Xitoyning konditsioner va muzlatgichlar ishlab chiqaruvchi Midea kompaniyasiga sotmoqda. Bu haqda Toshiba konserni tarqatgan bayonotda xabar qilindi.

Imzolangan bitimga ko‘ra, Toshiba Lifestyle Products & Services Corporation (TLSC, Toshiba Home Appliances nomi bilan ham mashhur)ning 80 foiz aksiyasiga Xitoy kompaniyasi egalik qiladi. Uning bahosi 53,7 mlrd yapon iyenga yaqin mablag‘ni tashkil etadi. Bitim kuchga kirishi uchun monopoliyaga qarshi idoralar kelishuvni ma'qullashlari lozim. Toshiba va Midea aksionerlarining roziligi talab etilmaydi.

Aktsiyalar bilan birga Midea Toshiba brendidan xo‘jalik texnikalari ishlab chiqishda 40 yil davomida foydalanish va 5 mingdan ortiq intellektual mulkka bo‘lgan huquqini ham qo‘lga kiritadi.

19,9 foiz aksiyalarni o‘zida saqlab qoluvchi TLSC guruhi yirik o‘lchamli xo‘jalik texnikalari (muzlatgichlar, kir yuvish mashinalari, changyutgichlar, va boshqalar)ni Toshiba brendi ostida ishlab chiqarish va sotish huquqini o‘zida saqlab qoladi.

Shu yilning mart oyida esa, Nikkei nashri yapon konserniga doir boshqa bir xabarni chop etgan edi. Unga ko‘ra, Yaponiyaning Canon kompaniyasi Toshiba`ning tibbiyot uskunalari ishlab chiqaruvchi bo‘limini xarid qilishi mumkinligi xabar qilingandi. Savdo bitimi 700 mlrd(6,21 mlrd dollar) iyenni tashkil etishi aytilgandi.

Top