22:00 / 05.04.2016
6193

Xalqaro turnirda o‘zbekistonlik bokschilar umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallashdi

Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a'zolari Xitoyning Kuinan shahrida o‘tkazilgan Osiyo-Okeaniya Olimpiya saralash musobaqasida 5 oltin va 2 kumush medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda “O‘zA” xabar qilmoqda.

Nufuzli musobaqada o‘ttizdan ziyod davlatdan jami 226 bokschi sovrinli o‘rinlar bilan birga joriy yil Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahri mezbonlik qiladigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmalari uchun bellashdi. Unda sportchilarimiz O‘zbekiston boks maktabi salohiyatini yana bir karra namoyish etdi.

Terma jamoamiz ulkan g‘alabalarni qo‘lga kiritishida davlatimiz rahbarining 2013 yil 25 fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarini 2016 yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturilamal bo‘ldi.

Musobaqada Hasanboy Do‘smatov, Shahobiddin Zoirov, Shaxram G‘iyosov, Elshod Rasulov, Rustam To‘laganov o‘z vazn toifasida shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Bahodir Jalolov kumush medal bilan taqdirlandi. Bokschilarimizning barchasi Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘ladigan XXXI yozgi Olimpiada yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.

Xotin-qizlar o‘rtasidagi bahslarda qatnashgan Yodgoroy Mirzayeva o‘z vazn toifasida ikkinchi o‘rinni egallab, Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma oldi. Yodgoroy mamlakatimiz xotin-qizlari orasidan Olimpiadada qatnashadigan birinchi bokschi qiz bo‘ldi.

Top