21:59 / 06.04.2016
2014

Alibaba dunyodagi eng yirik riteylerga aylandi

Xitoyning internet-savdolar giganti Alibaba Group 31 martda yakunlangan fiskal yil natijalariga ko‘ra "dunyodagi eng yirik riteylerga" aylandi. Kompaniya bu haqda AQSh qimmatli qog‘ozlari va birjalari bo‘yicha komissiyasiga bergan hisobotida ma'lum qildi.

Kompaniya hozircha aniq raqamlarni e'lon qilmadi. Biroq, bayonotga ko‘ra, u tomonidan sotilgan mahsulotlar narxi 482,1 mlrd dollardan oshib ketgan, chunki bunday natijaga o‘zining 31 yanvarda yakunlangan fiksal yili yakuniga ko‘ra AQShning eng yirik savdo tarmog‘i Wal-Mart erishgan edi.

Alibaba’ning rekord tushumi dunyo savdosi oflayndan onlaynga ko‘chganini ko‘rsatdi, deb aytilmoqda kompaniya bayonotida.

"Bizga an'anaviy riteylerlarnikidan farqli biznes-modelning kuchini namoyish qilishimizga 13 yil talab etildi", deb kompaniya bayonotidan parcha keltirmoqda China Daily nashri.

21 martda Alibaba’ning ijrochi vitse-raisi Jo Tsay o‘zining blogida kompaniya tushumlari 3 trln yuan, ya'ni 476 mlrd dollardan oshganini ma'lum qilgandi. "Agar bizning savdo maydonlarimiz biror hudud bo‘lganda, unda biz Xitoy hududlari o‘rtasida iqtisodiyot hajmi bo‘yicha 6-o‘rinda bo‘lardik", deb aytdi Tsay.

Bu orada kompaniya 2020 yilga kelib yillik tushumi hajmini 6 trln yuan, ya'ni 925 mlrd dollarga yetkazmoqchi ekanligini e'lon qildi. Kompaniya 2024 yilga kelib mijozlari bazasi 2 mlrd kishi va 10 mln firmaga yetishiga umid qilmoqda.

Top