17:32 / 06.04.2016
1998

Fazogirlar svetodiodlar yordamida Oyda salat bargini yetishtirishlari mumkin

Niderlandiyaning Philips kompaniyasi, Mars va Oyda iste'mol qilsa bo‘ladigan o‘simliklar yetishtirishda fazogirlarga yordam berish niyatida.

Kompaniya Arizona universiteti bilan hamkorlikda yerga ishlov berishda energiyadan samarali foydalanish, xususan, o‘simliklarni yetishtirishda yorug‘lik moslamalarini qo‘llash usullarini yaratish ustida ish olib bormoqda.

Sun'iy Oy sharoitida salat bargini yetishtirish uchun 9 haftalik tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, suv yordamida sovutiluvchi natriy gazrazryadli lampalar o‘rniga LED-tizimli yorug‘lik lampalardan foydalanish hosilni ko‘paytirib, energiya sarfini 56 foizga kamaytirish imkonini bergan. Bunda diodli lampalardan nafaqat fazoda, balki sayyoramizning suv yoki energiya tanqisligi, shuningdek, tuproq unumdorligi yaxshi bo‘lmagan joylarida foydalanish yaxshi natijalarni beradi.

Philips GreenPower dasturi esa, yorug‘likni o‘simliklarga bir xil taratish imkonini yaratadi. Bu o‘z navbatida olinajak hosil miqdorini aniqroq taxmin qilishda yordam beradi. Philips LED-tizimlarining yana bir ustun jihati shuki, u o‘zini-o‘zi sovutadi, shu boisdan sovutish uchun alohida xarajatlar qilish yoki suvni taqsimlash shart bo‘lmaydi.

Top