20:13 / 06.04.2016
1962

Hyundai kompaniyasi Toyota’dan keyin o‘zining "aqlli mashinasi"ni e'lon qildi

Hyundai Motor Company konserni Toyota konsernidan keyin avtomobil sun'iy ongi loyihasini e'lon qildi. Bu sun'iy ong kelajak mashinalariga katta hajmdagi ma'lumotlarni qayta ishlovchi bulutli servis yordamida bir-biri bilan "muloqot qilish"ga imkon beradi. Kompaniyada "cheksiz bilim markazi" deb ta'riflanayotgan loyiha Car to Life ("Hayot uchun avtomobil") degan nom oldi.

Avtomobil sun'iy ongi birinchi navbatda xavfsiz avtopilot uchun lozim: mashinalar to‘planuvchi ma'lumotlar asosida harakatning qolgan ishtirokchilarini "his qilishlari" kerak. Mashinalarning joylashgan o‘rni haqidagi ma'lumotlar yagona ma'lumotlar markazida qayta ishlanadi. "Toyota"ga bunday loyihani amalga oshirishga Microsoft kompaniyasi (Azure bulutli servisi) yordam bermoqda.

Hyundai bu yo‘nalishda qanday firmalar bilan hamkorlik qilayotgani ma'lum qilinmayapti. Shuningdek, kompaniya bu texnologiya uchun qancha pul sarflashini ham oshkor qilmagan. Misol uchun, Toyota yaqin 5 yil ichida "aqlli mashina"ni rivojlantirish uchun milliard dollar sarflamoqchi.

Hyundai ilg‘or sun'iy ongga ega avtomobil prototipini qachon ishlab chiqarishi hozircha noma'lum. Yapon markalari, jumladan Toyota to‘laqonli avtopilotga ega avtomobillar yo‘llarda 2020 yilga qadar paydo bo‘lishini prognoz qilishmoqda.

Top