23:43 / 06.04.2016
1502

Rossiya 2035 yilgacha Oyda baza qurmoqchi

Yer yo‘ldoshi – Oyda 2035 yilgacha Rossiyaning odamlar yashaydigan bazasi paydo bo‘lishi mumkin. Bu haqda "Roskosmos"ning boshqariluvchi dasturlari bo‘yicha ijrochi direktori Sergey Krikalev ma'lum qildi. Qog‘ozda ruslarning Oyni zabt etish bo‘yicha loyihalari allaqachondan beri tayyor, ular bir necha o‘n yillar avval yaratilgan. O‘z vaqtida Sobiq ittifoq vaqtida bir nechta konstruktorlik byurolari shunday loyihalarni yaratish bo‘yicha musobaqalashishgan.

Oy insoniyat uchun birinchi navbatda o‘zining tabiiy zaxiralari sababli zarur. Gap nafaqat unda aniqlangan ko‘mir, oltin va olmoslar haqida, balki noyob izotop – geliy-3 haqida bormoqda. Bu modda eng istiqbolli yonilg‘i hisoblanib, dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, uning Oydagi miqdori millionlab tonnalarni tashkil qiladi. Bu modda chiqitsiz termoyadroviy reaktorlar uchun yonilg‘i bo‘lishi va Yer aholisini 5 ming yilga energiya bilan ta'minlashi mumkin.

Bu zaxiralarni o‘zlashtirish uchun baza kerak bo‘ladi. Oyning o‘zlashtirilishi 3 bosqichda boradi. Avval u yerga odamlarsiz bir nechta sayyoralararo stansiyalarni yuborish rejalashtirilmoqda. So‘ngra Oyga boshqariluvchi kema yuboriladi. Va shundan keyingina Oyga fazogirlar tushiriladi, aynan ular birinchi oy bazasini qurishadi.

"Roskosmos" rejalariga ko‘ra, Oyda 20 yildan keyin birinchi kichik stansiya paydo bo‘ladi. U yerda bir necha fazogirlardan iborat ekipaj ish olib boradi. Baza Oyning doimo quyosh tushib turadigan janubiy qutbida yaratiladi.

Top