08:41 / 06.04.2016
1506

Trampning meksikaliklar haqidagi haqoratomuz gaplari sababli Meksika Vashingtondagi elchisini o‘zgartirdi

Milliarder Donald Trampning meksikaliklar haqidagi haqoratomuz gaplari Meksikani Vashingtondagi elchisini o‘zgartirishga majbur qildi, deb yozmoqda The Los Angeles Times nashri.

2015 yil sentabridagina elchi qilib tayinlangan Migel Basanesni o‘rnini Meksikaning Los-Anjyelesdagi konsuli Karlos Sada egalladi. Sada bungacha Meksikaning Nyu-York, Chikago, Toronto va San-Antoniodagi konsulliklarida ishlagan.

Nashrning ta'kidlashicha, Sada tajribali diplomat va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha mohir ekspert hisoblanadi.

Bu o‘zgarishga ko‘plab meksikaliklarning Trampning meksikaliklar haqidagi gaplariga hukumatning sustkashlik bilan munosabat bildirayotganidan noroziliklari sabab bo‘ldi. Ularning fikricha, bu gaplar ularni haqorat qiladi.

Meksika tashqi ishlar vaziri o‘zining bu holat bo‘yicha bayonotida "Sada Shimoliy Amerikadagi meksikaliklarning huquqlari va Meksikaning xorijdagi manfaatlarini himoya qilishda katta tajribaga egaligini" ko‘rsatgan. Meksika rahbariyati Sadaning AQShda ishlash bo‘yicha katta tajribasi bu mamlakatda aksilmeksikancha kayfiyatlarning o‘sishiga qarshi kurashda asqotishiga umid qilmoqda.

"Bugunda saylovoldi kampaniyasi sharoitida biz AQSh aholisining muayyan qismi orasida aksilmeksikancha kayfiyatlarni ko‘rmoqdamiz", deb aytdi Meksika tashqi ishlar vaziri Klaudiya Ruis Mase.

Tramp o‘z nutqlarida meksikalik muhojirlar haqida bir necha bor nojo‘ya gaplar aytgan. Misol uchun, u 2015 yil iyulida "Meksika AQShga ko‘plab muammolarga ega bo‘lgan nomaqbul odamlarini yuborishini aytgan". Uning fikricha, bunday odamlar AQShga narkotik va jinoyatlar olib keladi. Keyinroq esa u AQSh prezidenti etib saylansa, AQSh va Meksika o‘rtasida noqonuniy muhojirlarni qo‘ymaslik uchun devor qurishga va'da bergandi.

Top