14:25 / 07.04.2016
1350

BMT: Darfurda jangovar harakatlarning faollashuvi natijasida 138 ming kishi qochqinga aylandi

Sudan armiyasi va isyonchilarning Darfur provinsiyasida o‘zaro to‘qnashuvlari kuchaygani sababli so‘nggi oylarda kamida 138 ming kishi uy-joylarini tark etishga majbur bo‘lgan. Ular mamlakat ichida qochqin hisoblanuvchi 2,6 million kishi safini to‘ldirishgan. Bu haqda BMT bosh kotibining tinchlikparvar amaliyotlar bo‘yicha o‘rinbosari Erve Ladsus Xavfsizlik kengashidagi hisobotida ma'lum qilgan.

Xususan, Jabal Marradagi jangovar harakatlarning keskinlashgani, yanvar-mart oylarida ushbu hududni tark etuvchilar sonining sezilarli o‘sishiga olib kelgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, vaziyat tanglashayotgani sababli BMT va Afrika Ittifoqining (United Nations African Union Mission in Darfur, UNAUMID) qo‘shma operatsiyasida fuqarolar va qochqinlarni himoya qilish ishlariga e'tibor qaratilgan.

Erve Ladsus Darfurdagi vaziyat beqarorligini ta'kidlab, tomonlarni jangovar harakatlarga barham berish va muzokaralarni boshlashga chaqirgan.

O‘z navbatida, Sudan vakili Umar Dahab Fadl Muhammad BMT Xavfsizlik kengashini tinchlikparvar qo‘shinlarni Darfurdan olib chiqishga qarshilik qilayotganlikda aybladi. Rasmiy Xartum bir necha oydan beri ularning olib chiqilishini talab qilib keladi.

Diplomatning qayd etishicha, Darfurdagi vaziyat asta-sekinlik bilan iziga tushmoqda. Xalqaro harbiylarning bo‘lishi esa, boshqa g‘arazli maqsadlarni ko‘zlagan bo‘lishi mumkin.

Top