17:45 / 08.04.2016
1401

Bloomberg: Ispaniyaning yirik banklari kelishib olganlikda gumon qilinmoqda

Ispaniyaning bozorlar va raqobat bo‘yicha milliy komissiyasi mamlakatning to‘rtta yirik banklari o‘zaro kelishgan holda narxlarni belgilab olgani bo‘yicha tekshiruvlarni boshlab yuborgan. Bu haqda Bloomberg agentligi xabar qilgan.

Xususan, BBVA, Banco Sabadell, Banco Santander va Caixabank moliya muassasalari, tijorat ma'lumotlarini ayirboshlash va foizlar belgilashda ulardan foydalanganlikda ayblanmoqda.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan shug‘ullanuvchi Inversiones Empresariales Vapat kompaniyasi milliy komissiyaga ariza topshirgach, monopoliyaga qarshi kurash idorasi surishtiruv ishlarini boshlab yubordi.

BBVA banki vakilining ta'kidlashicha, barcha moliya muassasalari qonun doirasida faoliyat yuritgan. Ushbu ishga aloqador boshqa banklar hozircha, ushbu xabarga izoh berishdan bosh tortishgan.

Bundan avval, Fransiya Markaziy banki mamlakat banklaridan ofshorlarga oid qo‘shimcha hisobot talab qilgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi.

Top