14:27 / 08.04.2016
1377

Manba: Qirg‘iziston bosh vaziri transport vaziri bilan kelishmay qolgani uchun iste'foga chiqmoqchi

Bugun, 8 aprel kuni Qirg‘iziston hukumati raisi Temir Sariyev, mamlakat prezidenti Almazbek Atambayevga iste'foga chiqishi to‘g‘risida ariza berish niyatida. Bu haqda TASS agentligiga respublika vazirlar mahkamasidagi manba ma'lum qilgan.

Uning aytishicha, bosh vazir vazirlardan biri bilan kelishmay qolgach, shunday qaror qabul qilgan.

Hukumat matbuot xizmati rahbari Nazira Ahmedovaning TASS agentligiga ma'lum qilishicha, "hozircha bosh vazir iste'foga chiqish arizasini topshirganicha yo‘q".

Bundan avval, Sariyevning transport va kommunikatsiyalar vaziri Arg‘inbek Malabayev bilan so‘z talashib qolgani xabar qilingan. Ular avtoyo‘l qurilishi uchun tender o‘tkazishda Xitoy kompaniyalaridan birini ilgari surish borasida tortishib qolishgan.

Bu voqeadan ko‘p o‘tmay, Sariyev transport vazirini ishdan bo‘shatish bo‘yicha taklifini prezident tasdig‘iga kiritgan. Biroq, davlat rahbari uni e'tiborsiz qoldirib, huquq-tartibot idoralariga tender atrofida paydo bo‘lgan mashmashalar bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazishni buyurgan.

Top