11:04 / 08.04.2016
4452

Xitoy fuqaro aviasozligi rivojlanmoqda

Xitoy katta bozor bo‘lib, mamlakat aholisi muntazam o‘sib bormoqda. Iqtisodiyoti barqaror bu mamlakatda xalq farovonligiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu o‘z navbatida yangi samolyotlarga talabning oshib borishiga sabab bo‘ladi. So‘nggi vaqtlarda Xitoyda fuqaro aviatsiyasi rivoji uchun katta qadamlar tashlandi.

2015 yilning 2 noyabr kuni jahon ommaviy axborot vositalarining e'tibori Xitoyga qaratildi. Aynan shu kuni xitoylik mutaxassislar tomonidan yaratilgan ilk yo‘lovchi samolyoti keng jamoatchilik e'tiboriga havola etildi. Muxbirlarning xabar qilishicha, S919 samolyotiga qiziqish katta bo‘lmoqda.

“Bu Xitoy fuqaro aviasozligi taraqqiyoti yo‘lida muhim qadam bo‘ldi”, deydi mamlakat Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi rahbari Li Tszyasyan.

Uning aytishicha, shu kunga qadar Xitoy samolyotlarni asosan import qilardi, endilikda esa mazkur muammo qisman hal qilinadi.

Har yili Airbus va Boeing kompaniyalari yangi samolyotlarga bo‘lgan ehtiyojlarni o‘rganib chiqib, o‘z prognozlarini beradi. 2009 yilda Boeing va Airbus kompaniyalari jahon aviatsiya bozoridagi yaqin 20 yillik yo‘nalishga bag‘ishlangan hisobotni e'lon qilgan edi. Ma'lum bo‘lishicha, har ikki kompaniyaning jahon aviabozoridagi vaziyatga bag‘ishlangan prognozlari deyarli bir xil bo‘lib chiqdi. Mazkur kompaniyalarnning fikricha, Xitoy iqtisodiyotidagi barqaror rivojlanish bozor talabining shakllanishida muhim axamiyat kasb etadi. Taxminlarga ko‘ra, 2029 yilgacha bo‘lgan muddatda Xitoy ehtiyojlari uchun 3800tagacha yangi samolyotlar kerak bo‘ladi. Bu o‘z navbatida, mamlakatning o‘zida yo‘lovchi samolyotlarini ishlab chiqarish zaruriyatini yuzaga keltiradi. Shu sababli, yirik yo‘lovchi samolyotlarini ishlab chiqarish Xitoy oldida turgan strategik maqsadlardan biri bo‘lishi shubhasiz.

Osmon osti mamlakatida zamonaviy aviatsiya sanoati paydo bo‘lganidan keyin asosiy e'tibor mudofaa masalalariga qaratib kelinardi. Shu o‘rinda jahon aviatsiya sanoati kompaniyalari ham yo‘lovchi, ham harbiy samolyotlar ishlab chiqarishini eslatib o‘tish kerak. Boeing ham, Airbus ham harbiy samolyot ishlab chiqaradi, ko‘plab mamlakatlar o‘zlarining harbiy qudratini mustahkamlash maqsadida bu kompaniyalardan harbiy samolyotlar xarid qiladi.

O‘tgan asrning 50-yillarida Mao Tszedun “Xitoy katta mamlakat. Biz barcha mahsulotlarni ishlab chiqara olmaymiz. Ammo samolyot va avtomobillarga o‘xshash mahsulotlar xam borki, biz bu kabi mahsulotlarni albatta ishlab chiqarishimiz kerak” degan edi. S919 rusumidagi samolyotlarning ishlab chiqarishga kirishilayotgani ana o‘sha gaplarning ro‘yobga chiqayotganidan dalolat beradi.

Mazkur samolyotning birinchi sinov parvozi bu yil bo‘lib o‘tadi. 2018 yildan boshlab esa yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish boshlanadi. Bu haqda Tijorat samolyotlari korporatsiyasi boshqaruvi raisi Tszin Chjuanlun ma'lum qildi. Samolyot Shanxay yaqinidagi Pudun zavodi sexlarida yig‘ila boshlandi. 2015 yilning 2 noyabr kunida bu samolyot keng jamoatchilik e'tiboriga havola etildi. Mazur samolyotning yaratilishida 200 mingga yaqin kishi ishtirok etdi. Shuni ta'kidlash kerakki, S919 samolyotini yaratishda xitoylik mutaxassislar xorijlik hamkasblari bilan yaqindan hamkorlik qilishdi. Loyihada jahondagi 30dan ortiq aviakosmik kompaniyalar vakillari qatnashdi.

S919 samolyotidan ichki yo‘nalishlarda foydalanilishi aytilgan. Samolyot bir vaqtning o‘zida 158 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi. U 4075 km masofagacha parvoz qiladi. Biroq uning 5555 kilometrgacha parvoz qilish imkoniyatlari haqida ham aytilgan.

Xavfsizlik, shinamlik, ekologik tozaligi va tejamkorligi nuqtai nazaridan S919 boshqa samolyotlar bilan bemalol raqobatlasha olishi haqida bayonot berilgan. Ayni paytga kelib, mamlakat va xorijiy aviakompaniyalardan 517ta samolyot uchun buyurtma tushgani ma'lum qilingan.

Tszin Chjuanlunning aytishicha, yaqin oylarda samolyotning bort elektronikasi, parvozlar boshqaruv tizimi va gidravlik tizimi sinovdan o‘tkaziladi. Sinovlar hozircha yerda o‘tkazilishi ma'lum qilingan. S919 samolyotining ilk parvozi 2016 yilda amalga oshiriladi. Unga qadar bort tizimlari takomillashtirilishi kerak bo‘ladi.

Sharofiddin To‘laganov

Top