11:38 / 09.04.2016
1762

Moskva metrosi poyezdida noma'lum erkak boshqa erkakka o‘qotar jarohat yetkazdi

8 aprel kechki payt Moskva metrosi poyezdida otishma sodir bo‘ldi. Noma'lum erkak vagonda uning yonida turgan va u bilan bahslashib qolgan erkakka o‘q uzgan. Bu noxush voqea metroning Kalujskaya-Rijskaya yo‘nalishida "Kalujskaya" va "Profsoyuznaya" bekatlari orasidagi harakat vaqtida yuz bergan.

"Politsiyaga soat 19:00 lar atrofida metroning Kalujskaya-Rijskaya yo‘nalishida ikki erkak o‘rtasida tortishuv chiqqani va natijada erkaklardan biri travmatik to‘pponchadan ikkinchi erkakka o‘qotar jarohat yetkazgani haqida xabar kelib tushdi", deb ma'lum qildi Moskva IIB matbuot xizmati rahbari.

Oqibatda jabrlanuvchi shifoxonaga yetkazilgan. Gumonlanuvchi voqea joyidan qochib ketgan. Biroq keyinroq u qo‘lga olingan. Gumonlanuvchi Moskvada yashovchi 60 yoshli erkak bo‘lib chiqqan.

Ma'lum bo‘lishicha, gumonlanuvchi "Osa" to‘pponchasidan u bilan tortishib qolgan erkakning boshiga ikki marta o‘q uzgan. U nima qilib qo‘yganini anglagach, to‘pponchani tashlab qochib ketgan. Ayni vaqtda gumonlanuvchi tergovchilar tomonidan so‘roq qilinmoqda. Unga "Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish" moddasi bo‘yicha ayblov qo‘yildi.

Top