15:38 / 09.04.2016
1780

Tesla Model 3 avtomobiliga buyurtma bahosi 14 milliard dollarga yetdi

Tesla Motors kompaniyasi o‘zining eng hamyonbop elektrokari – Model 3 avtomobiliga yetti kun ichida 325 mingdan ortiq oldindan buyurtma oldi. Ushbu buyurtmalardan tushadigan mablag‘ 14 milliard dollarga yetdi.

Tesla Model 3 avtomobili 1 aprel kuni Kaliforniyadagi maxsus tadbirda namoyish etilgan. O‘sha kunning o‘zidayoq ishlab chiqaruvchi oldindan ming dollar to‘lanish sharti bilan avtomobilni sotib olishga buyurtma qabul qila boshladi.

Ilk namoyishdan so‘ng bir kunning o‘zida eng arzon Tesla avtomobiliga 180 mingdan ortiq xaridorlar oldindan rasmiy buyurtma berishdi. Kompaniyada buni "butun bir tarix davomida yangi mahsulotning bir kunda sotilishi miqdori bo‘yicha dunyo rekordi", deb atashdi.

Tesla Model 3 avtomobilining bahosi 35 ming dollardan boshlanadi, elektrokarning o‘rtacha narxi 42 ming dollarni tashkil qiladi. Modelning seriyasi 2017 yilning oxiriga yaqin chiqarila boshlaydi.

“Tesla” rahbari Ilon Maskning ma'lum qilishicha, elektrokarning "eng sekin" modifikatsiyasi joyidan soatiga 96 kilometrgacha olti soniyadan kam vaqt ichida siljiy oladi.

Top