16:36 / 11.04.2016
1782

Bosh Assambleya raisi: BMT bosh kotibi kuchli bo‘lishi lozim

Shu yilning 12-14 aprel kunlari BMT bosh qarorgohida tashkilot bosh kotibligiga 8 nafar nomzod ishtirokida ochiq majlis bo‘lib o‘tadi. Shuni alohida qayd etish lozimki, nomzodlar bilan ochiq muloqot BMT tarixida ilk marta yuz beradi.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yil 1 yanvar kunidan xalqaro tashkilotni yangi rahbar boshqara boshlaydi. BMT Bosh assambleyasi 70 sessiyasi raisi Mogens Lyukketoft ushbu ochiq muloqotlar qanday o‘tishi haqida fikrlari bilan o‘rtoqlashib, BMT Xavfsizlik kengashiga a'zo bo‘lmagan davlatlar ham bosh kotib sayloviga jiddiy ta'sir eta olishlariga ishonch bildirdi. Bosh assambleya raisi TASS agentligiga bergan intervyusida bosh kotiblik saylovlaridagi o‘zgarishlar haqida fikr yuritgan.

Uning aytishicha, hammasi o‘tgan yili sentabr oyida qabul qilingan rezolyutsiyadan boshlangan. Unda Xavfsizlik kengashi va Bosh assambleya raislariga bosh kotiblikka nomzodlarning ochiq muloqotlarining shakliga oid takliflar ishlab chiqish yuklangan edi.

Lyukketoftning ma'lum qilishicha, ayni vaqtda, BMT bosh kotibligi uchun sakkiz nafar kishi o‘z nomzodini ilgari surgan. Ularning 6 nafari sharqiy Yevropa vakillari, biri Portugaliya, yana biri Yangi Zelandiya fuqarolaridir. Ularning barchasi 12-14 aprel kunlari Bosh assambleyada tanishtirilgach, 2 soatlik vaqtga ega bo‘lishadi. 10 daqiqalik ma'ruza qilganlaridan so‘ng, qolgan muddatlari davomida savollarga javob berishadi.

Bosh assambleya rahbari kelgusi bosh kotibning e'tiborli jihatlariga to‘xtalar ekan, u kuchli siyosatchi, diplomat va o‘ziga xos avtoritet bo‘lishi lozim, degan fikrlarni ilgari surdi.

"Kelgusi yillarda, jahon hamjamiyati oldida turgan vazifalarning ko‘lamidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, BMT bosh kotibligiga juda kuchli shaxs saylanishi maqsadga muvofiq. Bu ayni vaqtda, yirik davlatlar manfaatlariga ham zid kelmaydi.

Aksincha, iqlim muammolari bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilingan, Eron yadro muammosi borasida umid uchqunlari paydo bo‘lgan, Suriya rezolyutsiyasi qabul qilingan va mamlakatlarning terrorizmga qarshi keskin choralar ko‘rish zarurligi borasida bir to‘xtamga kelgan bir vaqtda, kuchli bosh kotibning bo‘lishi ayni muddaodir. Ayni vaqtda yirik davlatlar ham muammolarni bahamjihat, muzokaralar vositasida bir-biriga yonbergan holda hal etish zarurligini anglab yetmoqdalar", -degan Bosh assambleya raisi Mogens Lyukketoft.

BMT bosh kotibi, Bosh assambleya tomonidan besh yil muddatga qayta saylanish huquqi bilan saylanadi va tashkilotning bosh ijrochisi hisoblanadi.

Top