23:27 / 11.04.2016
4659

Harbin Electric dekabrda Angren IES modernizatsiyasini yakunlaydi

Xitoyning Harbin Electric International Company Ltd kompaniyasi 2016 yil dekabrda Toshkent viloyatidagi Angren issiqlik elektr stansiyasi modernizatsiyasini yakunlaydi, deb xabar bermoqda Sputnik agentligi "O‘zbekenergo" AKdagi manbasiga asoslangan holda.

"Loyiha bo‘yicha asosiy qurilmalarni montaj qilish va ishga tushirish ishlari olib borilmoqda, infratuzilma obektlarini qurish bo‘yicha ishlar to‘liq hajmda yakunlandi, bosh korpus, qozonxona binosi, bug‘ turbinasi, gradirnya qurilishi davom etmoqda", deyilmoqda xabarda.

Harbin Electric va "O‘zbekenergo" 2012 yil sentabrda IESni modernizatsiya qilish bo‘yicha shartnoma imzolashgandi. Shartnoma doirasida Xitoy kompaniyasi 2014 yil oktabrda yuqori kulli ko‘mirni yoqish uchun 150 MVt quvvatli yangi energoblokning qurilishini boshlagan. Modernizatsiya natijasida elektr stansiyada ko‘mir yoqish 20 foizdan 45 foizga oshadi (1 mln tonnaga).

Umumiy qiymati 242,6 mln dollarni tashkil qiluvchi loyiha Xitoyning Eksimbank (165,6 mln dollar) va "O‘zbekenergo" mablag‘lari (77 mln dollar) hisobiga moliyalashtirilmoqda.

"Angren IES" OAJning 8 ta energoblokining mavjud quvvati 484 MVt ni tashkil qiladi. Qisman ko‘mirda ishlovchi stansiya (qishda isitish mavsumida) 1957 yilda ishga tushirilgan. Stantsiya Toshkent viloyatining asosiy sanoat obektlari va aholisini elektr energiya bilan ta'minlaydi.

Top