22:50 / 11.04.2016
3401

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari uchun elektron savdo maydonchasi ochiladi

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi (SSP) respublikaning meva-sabzavotchilik mahsuloti eksport hajmini oshirish maqsadida "TECLOT XK" MChJ bilan birgalikda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari uchun elektron savdo maydonchasi (www.agrosale.uz sayti) loyihasini amalga oshiradi. Bu savdo maydonchasi tashqi bozorlarga agrosanoat tarmog‘i mahsulotini olg‘a surish uchun mo‘ljallanadi.

SSP ma'lumotlariga ko‘ra, bu resurs mahalliy ishlab chiqaruvchilarga oziq-ovqat mahsulotlari, qishloq xo‘jaligi texnikasi, qurilmalari, kimyoviy moddalar (o‘g‘itlar) va agrosanoat tarmog‘iga taalluqli bo‘lgan boshqa tovar va xizmatlar haqidagi e'lonlarni joylashtirishga imkon beradi. Tizimda muntazam asosda savdolar, ishtirokchilar va berilgan takliflar haqida avtomatik ravishda jamlanma ma'lumotlar berilgan hisobotlar shakllantiriladi.

Ta'kidlanishicha, ayni vaqtda savdo maydonini boshqa davlatlarning shunday tizimlari bilan birlashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, bu esa shak-shubhasiz o‘zbek mahsulotini sotish uchun bozorlarni qidirish samaradorligini oshiradi.

Tadbirkorlik sub'yektlarini ushbu elektron resurs ishi bilan tanishtirish va unga jalb qilish maqsadida 18 aprelda Wyndham Tashkent mehmonxonasida "O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari uchun elektron savdo maydonchasi" mavzusida tadbir o‘tkazish rejalashtirilgan.

Top