21:26 / 11.04.2016
1615

Shvetsiya qiroli o‘z fuqarolarini kamroq go‘sht iste'mol qilishga chaqirdi

O‘tgan yozda o‘z fuqarolariga tabiatni saqlab qolish maqsadida vanna qabul qilishdan voz kechishni taklif qilgan Shvetsiya qiroli Karl XVI Gustav o‘zining 70 yoshlik tavalludi arafasida "Aftonbladet" gazetasiga bergan intervyusida yangi tashabbusni bildirdi. 69 yoshli qirol o‘z fuqarolarini sog‘liq va ekologiya nuqtai nazaridan go‘sht va marmelad iste'molini kamaytirishga chaqirdi. Bu haqda The Local. nashri xabar bermoqda.

"Men go‘sht ishlab chiqarish bilan shug‘ullanaman, biroq men tibbiy va ekologik nuqtai nazardan qizil go‘sht kam yeyman. Go‘sht iste'mol qilish juda foydalidir, biroq har kuni qoni oqib turgan bifshteks yeyishga hojat yo‘q", deb aytdi qirol.

Qishloq xo‘jaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari bilan faol qiziqadigan 69 yoshli qirolning fikricha, shvedlar marmelad iste'molini ham qisqartirishlari kerak, chunki uning tarkibiga jonzotlardan olinuvchi jyelatin moddasi kiradi.

"Oziq-ovqat tarkibini yodda tutish kerak va barcha narsadan oz-ozdan yeyish lozim", deb tavsiya qilmoqda oliy hazrati.

Karl XVI Gustav o‘tgan asrning 70-yillaridan beri atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari bilan shug‘ullanib keladi. Biroq konstitutsiyaga ko‘ra, qirolning davlat rahbari sifatida vakolatlari cheklangani sababli u bu sohadagi siyosiy munozaralarda faol ishtirok eta olmaydi.

Haqiqatan ham, qirol ekologiya borasida oxirgi rusumlarga amal qilishga harakat qiladi. Misol uchun, Drottningxolmdagi qirol saroyida quyosh batareyalari o‘rnatilgan. Kattagina avtoparkiga ega bo‘lgan qirol asosan an'anaviy yonilg‘i va elektr energiyada ishlovchi Volvo gibrid avtomobilidan foydalanadi.

Qirolning aytishicha, uning oilasi iloji boricha yorug‘lik-diodli lampalardan foydalanishga harakat qiladi, chunki saroyda hamma qandillarda ham bu lampalardan foydalanishning iloji yo‘q.

Karl XVI Gustav 1946 yil 30 aprelda Shvetsiya shahzodasi Gustav Adolf va malikasi Sibilla Saksen-Koburg-Got oilasida tug‘ilgan, 1973 yil 15 sentabrdan beri Shvetsiya qiroli hisoblanadi. U Jahon yovvoyi tabiat jamg‘armasi (WWF)ning mahalliy bo‘limi prezidenti.

Top