19:11 / 11.04.2016
1669

"Titanik" bortida yozilgan birinchi maktub sotuvga qo‘yildi

Buyuk Britaniyada aprel o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan auksionga 1912 yilda cho‘kib ketgan "Titanik" kemasining bortida yozilgan birinchi maktub sotuvga qo‘yilmoqda. Maktubga 1912 yil 10 aprel sanasi qo‘yilgan va u nemis tilida yozilgan. U Manchesterdagi manzilga kemaning birinchi reysga jo‘nashidan bir necha soat avval yuborilgan. Maktubning boshlang‘ich narxi 21 ming dollar qilib belgilandi.

Maktubni Pol Dembi ismli shaxs yozgan. U maktubni o‘zining rafiqasiga yo‘llagan. Dembining o‘zi safarga jo‘namagan, u 1912 yil 10 aprelda kemaga rafiqasining atirfurush amakisi Adolf Zaalfeldni kuzatib qo‘ygan. Dembi kemani tomosha qilish uchun qarindoshining chiptasidan foydalangan.

Dembining maktubidan rafiqasining amakisi birinchi sinfdan kayuta olganini bilish mumkin.

"Mening azizam Joll, biz bu kemadan maktub yozayotgan birinchilarmiz. Amakimizning kayutasi juda katta, deyarli mehmonxonaday, u yerda divan va elektr ventilyator bor", deb yozadi Dembi maktubda.

Zaalfeld AQShga o‘zining bo‘lg‘usi amerikalik mijozlariga qimmatbaho efir moylari to‘plamini namoyish qilgani ketayotgan bo‘lgan. Falokat vaqtida u qayiqlardan birida jon saqlab qolgan, biroq u yerda o‘z narsalarini qoldirishiga to‘g‘ri kelgan, deb xabar bermoqda FoxNews.com sayti. 1985 yilda kemani tadqiq qilgan mutaxassislar kema qoldiqlari orasida unga tegishli bo‘lgan sumkani topishga muvaffaq bo‘lishgan.

Ma'lum qilinishicha, maktub egasi Ikkinchi jahon urushi vaqtida Polshadagi o‘lim lagerlaridan birida halok bo‘lgan. "Titanik"ning blankasida yozilgan maktubni uning nabiralari sotuvga qo‘ymoqda.

2014 yilda noma'lum kolletsioner "Titanik"da yozilgan boshqa bir maktub uchun 200 ming dollar to‘lagan. Maktubda kemada halok bo‘lgan bir ayol kema falokatga uchrashidan 8 soat avval o‘z sayohatini bayon qilgan.

"Titanik" kemasi yo‘lga chiqqandan 4 kun o‘tib, 1912 yil 14 aprelda yarimtunga yaqin aysberg bilan to‘qnashishi oqibatida 2 soat ichida cho‘kib ketgan. Falokatda 1,5 mingdan ko‘proq odam halok bo‘lgan.

Top