11:46 / 12.04.2016
1775

Brent nefti narxi yil boshidan buyon ilk marta 43 dollardan oshdi

Jahon bozorida qora oltin narxlari ko‘tarilishi davom etmoqda.

Bloomberg agentligi xabariga ko‘ra, Brent turidagi neft narxi yil boshidan buyon ilk marta 11 aprel kunining ikkinchi yarmida 43 dollardan yuqorilagan.

Brent nefti London birjasida 11 aprel kuni Toshkent vaqti bilan soat 18:55da 0,96 dollarga ko‘tarilgan (2,29 foizlik o‘sish) va bir barreli 42,9 dollarni tashkil etgan. Savdolar davomida narxlar 43 dollardan oshgan.

WTI turidagi neft narxi Nyu-York tovar birjasida (NYMEX) xuddi shu vaqtda 0,9 dollarga (2,27 foizlik o‘sish) yuqorilagan va 40,62 dollarga sotilgan.

Neft narxlari xomashyoni qazib chiqaruvchi mamlakatlarning Qatardagi muzokaralari arafasida oshib bormoqda. Ushbu muzokaralarda neft qazib chiqarish hajmini muzlatib qo‘yish haqida qaror qabul qilinishi mumkin. Shuningdek, ishlab turgan burg‘ulash uskunalari soni qisqartirilgani haqidagi ma'lumotlar oshkor qilinishi ham neft narxi ko‘tarilishi omillaridan biri bo‘lmoqda.

Top