16:35 / 12.04.2016
2678

Ijtimoiy fikr: O‘zbekistondagi bank tizimi barqaror va ishonchli

Bugungi kunda O‘zbekiston jamiyat hayotining barcha jabhalarida jadal rivojlanib bormoqda. Butun dunyo iqtisodiy forumi natijalariga ko‘ra, mamlakat iqtisodiy jihatdan eng tez rivojlanayotgan besh davlatning biridir.

Oxirgi yillarda Standart & Poor's, Fitch Ratings va Moody's xalqaro reyting agentliklari har yili O‘zbekiston bank tizimi faoliyatini "barqaror" deya baholashmoqda.

Jahon banki hisobotiga ko‘ra, biznes yuritish bo‘yicha O‘zbekiston so‘nggi uch yilda kredit sohasida 154-o‘rindan 42-o‘ringa ko‘tarilgan. Amerikaning Global Finance jurnali reyting baholariga nazar solinsa, O‘zbekiston Milliy banki butun jahondagi milliy banklar orasida nisbatan yuqori pog‘onalarni egalladi.

Bank sohasidagi islohotlarning samaradorligi O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan ko‘plab muassasalar va tashkilotlar tomonidan alohida qayd etilmoqda.

"Ijtimoiy fikr" markazi tomonidan muntazam o‘tkazib kelinayotgan ijtimoiy so‘rov natijalari ham bunga yaqqol dalildir. So‘rovnoma natijalari OAV orqali keng ommaga yetkaziladi.

Yaqinda banklarning 2016 yil 1-choragi faoliyatiga bag‘ishlangan so‘rovnoma o‘tkazildi. Tadqiqotda iqtisodiyot, kichik biznes, ayollar tadbirkorlarligi, oilaviy biznes va yoshlar sektorlarining vakillari ishtirok etishdi. Qatnashchilar tadbirkorlikning turli jabhalaridan tanlab olindi - oilaviy korxonalar, dehqon va fermer xo‘jaliklari, kichik korxonalar va mikrofirmalar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar.

Ulardan "Bank tizimidagi tadbirkorlarga yaratilgan imkoniyatlar va chegirmalarga doir xizmatlarni qanday baholaysiz?" degan savolga javob berish so‘ralgan. Natijada, so‘rovnomada ishtirok etganlarning 98,5 foizi bunga nisbatan ijobiy fikr bildirishgan.

"Banklarning 2016 yil 1-choragidagi faoliyatidan mamnunmisiz?" degan savolga 97,8 foiz ishtirokchi ijobiy javob bergan.

Ular xizmat ko‘rsatishning yangi zamonaviy usullari qo‘llanayotganligini, tezkor maslahat yordami ko‘rsatilayotgani, shuningdek turli muammolarni hal qilishda qo‘llab-quvvatlashayotgani, barcha operatsiyalar o‘z vaqtida bajarilayotgani, nizomga rioya qilinayotgani hamda qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilmayotganini alohida ta'kidlashgan.

Top