09:11 / 12.04.2016
1654

Temir Sariyev: ba'zi siyosatchilar o‘z manfaatlarini davlat va jamiyatnikidan ustun qo‘yadilar

"Ba'zi siyosatchilar o‘z manfaatlarini davlat va jamiyatnikidan ustun qo‘yadilar", deb aytdi Qirg‘iziston bosh vaziri lavozimidan ketish haqida ariza bergan Temir Sariyev hukumatining navbatdan tashqari majlisida.

Temir Sariyev 11 aprelda Qirg‘izistonda Baliqchi-Qo‘ramdu avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha tender natijalari ma'lum qilingandan keyin Qirg‘iziston hukumatida yuzaga kelgan mojaro sababli iste'foga ketishga ariza berdi.

Sariyevning aytishicha, deputatlar parlament minbarini o‘z manfaatlari yo‘lida ishlatadilar. Sariyevning fikricha, bu deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan kompaniyalar tenderlardan o‘ta olmagan, shuning uchun ular hukumatni yomon otliq qila boshlashgan. "Ularni davlat qiziqtirmaydi. Ular davlat mashinasini o‘z manfaatlari yo‘lida ishlatadilar. Qanot Isayev uning "Imperiya grupp" kompaniyasi Baliqchi-Qo‘ramdu avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha tenderda ishtirok etishini istagan, biroq ariza berilmagan. Moliya vazirligi bu kompaniyani umuman nohalol kompaniyalar qatoriga kiritmoqchi bo‘lgan. Bu kompaniya pullarni olib, o‘z ishini bajarmagan holatlar bo‘lgan", deb aytdi Temir Sariyev.

"Deputatlar komissiyasi ko‘plab protsessual kamchiliklar topgan. Biroq har bir holat hujjat bilan isbotlanishi kerak. Qonun ustuvorligi siyosiy elita tomonidan o‘z manfaatlari yo‘lida qo‘llanadi. Bunday bo‘lishi mumkin emas. Ko‘plab qarorlarni tig‘izlikda qabul qilganmiz. O‘shanda men bu uchun javobgarlikni shaxsan o‘z zimmamga olganman. Biroq barcha qarorlar qonuniy va davlat manfaati yo‘lida qabul qilingan. Deputatlar komissiyasi ishiga kelsak, barcha tashabbus Isayevdan chiqqan. Qarorlar bir tomonlama qabul qilingan. Eng murakkab vaziyatlarda men chekinmaganman. O‘tgan haftada mamlakatda siyosiy iqlim keskin o‘zgardi. Men o‘z qarashlarimni doimo himoya qilganman va hech qachon ortga chekinmayman. Davlat manfaatlari va jamiyatdagi barqarorlik men uchun barchasidan ustun. Men bu prinsipimga butun umrim davomida sodiq qolaman. Barcha asossiz ayblovlarga aniq ishlar bilan javob berishim mumkin", deb qo‘shimcha qildi Sariyev.

Top