16:13 / 13.04.2016
1409

Amerikalik qo‘mondon: "Al-Qoida" Afg‘onistonda faollashmoqda

Afg‘oniston mudofaa vaziri Masum Stanikzoyning CNN telekanaliga bergan intervyusida ta'kidlashicha, "Al-Qoida" kuchli bo‘lmasada, o‘z safini kengaytirib bormoqda.

"Ular rostdan ham ancha faol. Ular yashirincha ish olib borib, kattaroq va jiddiyroq hujum uyushtirish maqsadida yangi guruhlarga ajralib, tayyorgarlik ko‘rmoqda", degan Afg‘oniston mudofaa vaziri.

Uning aytishicha, "terrorchi tashkiloti boshqa tarmoqlarga yordam berish, tajribalari bilan o‘rtoqlashish hamda zaxira va boshqa vositalarini kuchaytirish barobarida matbuotda chiqish qilmasligi bilan ham o‘ta xavflidir".

AQShning Afg‘onistondagi qo‘shinlari qo‘mondoni o‘rinbosari general mayor Jyeff Byukenenning uqdirishicha, "Al Qoida"ning mamlakatdagi a'zolari soni va tashkilotning ta'sir doirasiga oid AQSh taxminlari o‘zini oqlamaydi. Tashkilotning Qandahordagi lageri topilishi va yo‘q qilinishi shuning isbotidir.

Amerika qo‘mondonligi Afg‘oniston bo‘ylab 50dan 100nafargacha tarafdori borligini gumon qilgan bo‘lsa, birgina ushbu lagerning o‘zida 150dan ortiq jangari tayyorlanayotgani aniqlangan.

Generalning fikricha, albatta, Afg‘onistonda tashkilotning minglab a'zolari bo‘lmasligi aniq, ammo g‘arbga hujum qilish yo‘llarini qidirayotgan yetakchilari va a'zolari soni 300 nafardan oshishi mumkin. Bundan tashqari, ularga xayrixoh bo‘lganlarni ham e'tibordan chetda qoldirish yaramaydi.

Afg‘oniston mudofaa vaziri Stanikzoy o‘z navbatida, "Al-Qoida" va "Tolibon" harakatining aloqalari tobora kuchayib borayotganidan xavotirda. Mulla Axtar Muhammad Mansur harakat yetakchi bo‘lganidan beri (2015 yil o‘rtalari) "Tolibon" "Al-Qoida" bilan yaqinlashmoqda. "Haqqoniy jangarilar tarmog‘i" boshlig‘i Siroj Haqqoniy, "Al-Qoida"ning Afg‘onistondagi bosh ijrochilaridan biri bo‘lishi barobarida Tolibonning bosh qo‘mondon o‘rinbosari hamdir.

"Al-Qoida" uchun "Tolibon" harakati niqob vazifasini o‘tab bermoqda", deydi Afg‘oniston mudofaa vaziri.

AQShning Afg‘onistondagi harbiy kuchlari sobiq qo‘mondoni general Jon Kempbell ikki jangari guruh o‘rtasidagi aloqalar yangidan kuchayib borayotganini alohida qayd etgan.

Top