16:33 / 13.04.2016
4526

G‘arbning qoraya boshlagan nihollari

Xalqimizda “Birni ko‘rib fikr qil, birni ko‘rib shukr qil”, degan serhikmat maqol bor. Shundan kelib chiqib, hozirgi tahlikali dunyoning qator mamlakatlarida kuzatilayotgan turli to‘s-to‘polonlar, tartibsizliklar negiziga e'tibor beradigan bo‘lsak, ularda davlatning o‘sib-unib kelayotgan yoshlarga, ularning hayotdagi qiziqishlari, huquq va manfaatlariga e'tiborsizligi, ulardagi yoshlarga oid siyosatning hozirgi zamonning yangi tahdidlariga javob bera olmasligi oqibatini ko‘rish mumkin.

Ayniqsa, yoshlar tarbiyasi, ularni ish bilan band qilish, sog‘lom turmush tarziga o‘rgatish o‘z holiga tashlab qo‘yilgani achinarli, albatta. Bunday mamlakatlarda davlat va yoshlar o‘rtasida uzilish paydo bo‘lganligini kuzatish mumkin. Ko‘pgina muammolarning zamirida zamon talab qilgan aniq bir kasb-hunarga ega bo‘lmaslik va natijada, ishsizlik, bekorchilik yotadi.

Bugungi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlangan asrda kimlardir bu texnologiyalarni bunyodkorlik, ilm-fan, taraqqiyot yo‘lida qo‘llasa, kimlardir ijtimoiy tarmoqlar orqali millionlab ongi mo‘rt, hayotda mustaqil fikrlashga, pozitsiyaga ega bo‘lmagan yoshlarni to‘rga tushirish va o‘z qabih maqsadlarini amalga oshirish yo‘lida foydalanmoqda. Maqsad — yoshlar qalbini egallash, muayyan mamlakat yoki mintaqadagi biror millat yoxud xalqning ongiga, uning sezgi-tuyg‘ulariga ta'sir o‘tkazish, uni o‘z dunyoqarashiga bo‘ysundirish, ma'naviy jihatdan zaif va tobe qilish. Fikr qaramligi, tafakkur qulligi esa har qanday iqtisodiy yoki siyosiy qaramlikdan ko‘ra dahshatlidir.

Jahondagi vaziyatni tahlil qilgan kuzatuvchilarning fikricha, bugungi kunda g‘arblik yoshlarning oyoqqa turib olishlari, hayotda o‘z o‘rinlarini topishlari qiyin kechmoqda. Bunga birinchi o‘rinda axborot aybdor ekani aytiladi. Bugun dunyoga kelgan bolalarni tug‘uruqxonaning o‘zidayoq ommaviy axborot maydoni kutib olmoqda. Axborot shu qadar tezlikda harakatlanmoqdaki, uning oqimini to‘xtatib qolishning imkoni bo‘lmayapti. Bu oqim yo‘lida uchragan hamma narsani, hatto axloq, odob, ma'naviyat, ezgulik kabi qadriyatlarni, yoshu qarini “oqizib ketmoqda”. Axborot yangi avlodga qarshi ommaviy qirg‘in quroli ekani tan olinadi. Buni barcha tushunib, anglab yetgan, ammo uning kuchiga qarshi kurashishga hamma ham jazm qila olmaydi. Xorij telekanallaring deyarli har bir ko‘rsatuvida ur-yiqitlar namoyish etiladi. Bolalar “zo‘rlik”, “otishma”, “qotillik”, “sotqinlik, “ifloslik” kabi illatlar aks etgan ko‘rsatuv, film va tok-shoularni kun bo‘yi tomosha qilar ekan, ular qanday inson bo‘lib voyaga yetadi, degan savolni beradigan vaqt yetib keldi.

Bugungi kunda “jahon tarmog‘i”, “o‘rgimchak to‘ri”, “axlatxona” nomini olishga ulgurgan internet oldida televideniye, radio va matbuot asta-sekin ikkinchi o‘ringa tushib borayotgandek. Kuzatuvchilarning internetni axlatxona deyishlarida jon bordek. Unga yaxshi axborot ham, yomon axborot ham joylashtiriladi. Internetdan istagan narsangizni topishingiz mumkin. Internet yomonlikdan ko‘ra yaxshilikka xizmat qilishi uchun harakat qilish va bolalarni shu yo‘lda tarbiyalash kerak. G‘arblashayotgan zamonaviy yoshlarning “g‘ariblashishiga” yo‘l qo‘ymasligimiz lozim.

Ijtimoiy tarmoqlarning ta'siri xaqida bolalarni ogohlantirish kerak. To‘g‘ri ijtimoiy tarmoqlarda do‘st topish yaxshi. Biroq real hayotdan uzoqlashish kerak emas. Ijtimoiy tarmoqda soatlab muloqot o‘tkazgandan ko‘ra, shundoqqina ko‘chaga chiqib tanishingiz bilan diydor ko‘rishib, jonli suhbatlashishga nima yetsin?! Ijtimoiy tarmoq vaqtingizni bekorga sovurishdan boshqa narsa emas. Uni ijtimoiy qarmoq, deyish to‘g‘riroq bo‘ladi.

Buning ustiga zamonaviy texnologiyalarni inson salomatligi uchun zararli ekanini xam yoddan chiqarish kerak emas. Kompyuterda futbol o‘ynagandan ko‘ra, do‘stlaringiz bilan stadionda koptok tepish ham sog‘liqqa, ham jamiyatiga foydali.

Hayot so‘qmoqlaridan chiqa olmay qolgan ayrim yosh yigit-qizlarning yashab qolish maqsadida jinoyat olamiga kirib qolayotganidan ham aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi. Oiladagi nosog‘lom turmush tarzi ham yoshlarning spirtli ichimlik va giyohvand moddalar iste'moliga mubtalo bo‘lishiga olib kelmoqda. Bir qator mamlakatlarda yoshlar o‘rtasidagi piyanistalik umumiy muammoga aylanib qoldi. Bugun alkogolizm jinsidan qat'i nazar yoshlarning dolzarb ijtimoiy muammosi ekani tan olinadi. Spirtli ichimlik iste'mol qilishni erta boshlagan o‘smirning hayotga qiziqishi erta so‘nadi. Bu muammo ikkinchi bir–jinoyatchilik muammosiga sabab bo‘ladi. O‘smirlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning katta qismi mastlikda yuz bergani aytiladi. Farzandlarni alkogolizmdan yirokda ushlab, ularni komil insonlar qilib voyaga yetkazish uchun ota-onalar bolalarini nazorat qilib turishlari kerak.

Sog‘lom bola masalasi ham kun tartibidagi asosiy muammolardan biri ekani tan olinadi. Masalan, Rossiyada maktab bitiruvchilarining atigi 10 foizini sog‘lom deb atash mumkin ekan. Jahonda nosog‘lom turmush tarzini afzal ko‘ruvchi yoshlar safi kengayib borayotganidan xavotirlar bor.

Yoshlarning iqtisodiy taraqqiyotdagi ishtiroki ham kamayib ketgan. Ishsizlar safi kengayib bormoqda. Yoshlarning jinoyat olamidagi ishtiroki bir qator mamlakatlarda asosiy muammoga aylanib bo‘ldi. Rossiyada har to‘rtta jinoyatning bittasi o‘smirlar tomonidan sodir etilar ekan. Xuquqbuzarliklarning katta qismi yoshlar tomonidan sodir etiladi. Yoshlar o‘rtasidagi ma'naviyatsizlik jamiyatda inqirozlarga sabab bo‘lishi tan olinadi.

Oilalarda bolalar va ota-onalar o‘rtasidagi o‘zaro tushunmovchilik ham bir qator muammollarga sabab bo‘lmoqda. Buning oqibatida o‘smirlar uydan bosh olib ketmoqda. Ayrim xollarda bolalar o‘z joniga qasd qilmoqda.

Jonajon O‘zbekistonimizda yoshlarning hayotiy muhim masalalarini hal etishga qaratilgan davlat siyosati izchil amalga oshirilayotgani samarasida yoshlarimiz barcha sohalarda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda. Navqiron avlodning zamonaviy standartlar asosida ta'lim-tarbiya olishi, o‘z iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarishi borasida ko‘p ishlar amalga oshirildi. Konstitutsiyamizda va ko‘plab qonunlarda yoshlarimizning huquqlari va manfaatlari o‘z ifodasini topgan. Bu yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularni har tomonlama barkamol etib voyaga yetkazishga xizmat qilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2014 yil 6 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, faolligini oshirish, ijodiy va intellektual salohiyatini yuzaga chiqarish, mafkuraviy tahdidlarga qarshi immunitetini mustahkamlash, bandligini ta'minlash borasidagi ishlarni yanada kuchaytirdi.

Sharofiddin To‘laganov

Top