11:54 / 13.04.2016
2816

Tahlilchi: O‘zbekiston 27 yildan beri yoshlarni kosmosga uchirishga tayyorlaydi

O‘zbekiston MDHda 27 yil mobaynida kosmos sohasiga yosh mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha Rossiyadan keyingi o‘rinda turadigan mamlakat hisoblanadi. Sputnik muxbiri Kosmanavtlar kunida "Xalqaro aerokosmik maktab" (XAKM) loyihasi rahbari, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Yadroviy fizika instituti labaratoriyasi raisi, fizika-matematika fanlari doktori Elvira Ibragimova bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi.

Elvira Mametovnaning aytishicha, 1989 yilda aerokosmik sohaga mutaxassislar yetkazib berish uchun bolalarni muhandislik mutaxassisliklariga maktab davridan boshlab yo‘naltirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Shu maqsadda XAKM loyihasi ishga tushirilgan. Bu ijtimoiy o‘quv-ta'lim muassasasi bo‘lib, u yoshlarni aviakosmik soha bilan tanishtiradi. Maktab asoschisi - akademik Shavkat Vohidov va uning kosmik dasturlar bo‘yicha hamkori fazogir Vladimir Jonibekov.

"O‘shandan beri maktab yoz faslini Toshkent viloyatidagi "Koinot" bazasidagi ko‘rkam tog‘ hududlarida o‘tkazadi. Ikki hafta davomida oliy ta'lim muassasalari o‘qituvchilari, fazogirlar, uchuvchilar kelib, yoshlarga koinot sirlarini o‘rgatadilar, yulduzlar va kosmik stansiyalar haqida so‘zlab beradilar. Bizning maktabimizda yiliga 30-50 nafar atrofidagi bola o‘qitiladi, ular tanlov asosida saralanadi", - deydi loyiha rahbari.

Har yil boshida mahalliy va xorijiy matbuotda, internet-gazetalarda maktab tashkiliy qo‘mitasi 10-12ta savol chop qiladi, bu savollar fizika, matematika, astronomiya, aviatsiya, kosmanavtikaga doir bo‘ladi.

Maktab direktorining so‘zlariga ko‘ra, bu yerda turli davrlarda Koinot bilan yaqindan tanish taniqli insonlarning ma'ruzalar o‘qishi bu o‘quv dargohiga ishonchni yanada orttiradi. Ularning orasida ikkinchi fazogir German Titov, Roskosmosning yetakchi mutaxassislari va mahalliy mutaxassislar bor. Shu bilan birgalikda, Air France aviakompaniyasi uchuvchilari, jumladan A-380 aerobusi komandiri Kristin Debyuzi xonim ham foydali bilimlari bilan o‘rtoqlashishgan.

Maktabning bu yilgi mavsumi taxminan 20 iyulda ochiladi. Dastur fizika, matematika, astronomiya, kosmik aloqa, samolyotlar va vertolyotlar qurilmasi va yaqinda qo‘shilgan kichik kosmik apparatlar fanlaridan iborat.

Top