16:31 / 14.04.2016
1516

Belgiya IIV: umumevropa MRB yoki FQBsini yaratish g‘oyasini hozircha amalga oshirib bo‘lmaydi

Bryusseldagi teraktlardan keyin Belgiya tomonidan bildirilgan, umumevropa MRB (Markaziy razvedkasi boshqarmasi) yoki FQB (Federal qidiruvlar byurosi)ni yaratish g‘oyasini hozircha amalga oshirib bo‘lmaydi. Buni Belgiya ichki ishlar vaziri Yan Yambon Le Figaro fransuz gazetasida chop etilgan intervyuda tan oldi.

"Bir qator davlatlar, yirik davlatlar ham bu g‘oyaning amalga oshirilishiga qarshi chiqdilar. Biz albatta bu haqda mukammal narsadek orzu qilishimiz mumkin, biroq buning amalga oshishini kutmasa bo‘ladi. Shuning uchun bor imkoniyatimiz bilan harakat qilishimizga to‘g‘ri keladi. G‘oyaning o‘zi munosib hisoblanadi, biroq ayni vaqtda norealdir. Va bu Yevropa oldinga juda sust sur'atlar bilan borishni davom ettirayotganidan darak beradi", deb aytdi Yambon.

Yambon shu bilan birga "teraktlar sodir bo‘layotgan paytda fikrlar, kayfiyatlar tez o‘zgarishini" ta'kidlab o‘tdi.

Yambon, shuningdek, "ayni vaqtda Belgiya va Yevropaning ko‘plab davlatlari uchun terrorchilarning aholi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini kamaytirish masalasi dolzarbroq bo‘lib qolganini" tan oldi. "Biz terrorchilar bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan muammolarning yechimini topishimiz mumkin, biroq jamiyatning bir qismi tomonidan jangarilarni ham, IShID targ‘ib qilayotgan g‘oyalarning ham qo‘llab-quvvatlanayotgani masalasini hal qilish ancha qiyinroq, chunki bu muammo chuqurroqdir. Bu holatning oldini oluvchi choralar kerak, odamlarga ularning turmushlari uchun ular foydalana oladigan istiqbollar yaratish zarur", deb aytdi vazir.

Yambon Belgiyadan Fransiyaga terrorchi Saloh Abdisalomning ekstraditsiya qilinishi haqida to‘xtalib, "uning Fransiyaga yetkazilishi tegishli xavfsizlik choralari bilan amalga oshirilishini" ma'lum qildi. "Bunda OAV barcha telekanallar bo‘yicha jonli reportajlar olib borishi haqida umuman gap bo‘lishi mumkin emas", deb ta'kidlab o‘tdi Yambon.

Top