19:08 / 14.04.2016
3375

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 39 ta moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi

O‘zbekiston Respublikasining 2015 yil 31 dekabrdagi “Soliq va byudjyet siyosatining 2016 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni bilan Soliq Kodeksining 39 ta moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.

Xususan, Soliq kodeksining 114-moddasi 1-qismiga kiritilgan o‘zgartirishlarga asosan, kirim qilinmagan tovarlar uchun qo‘llaniladigan moliyaviy jarima miqdori kirim qilinmagan tovarlar summasining 20 foiziga kamaytirildi, bundan ularning qonuniy kelib chiqishi tasdiqlangan hollar mustasno. Oldin ushbu moliyaviy jarima summasi kirim qilinmagan tovarlar summasining 100 foizi miqdorida qo‘llanilar edi.

Shuningdek, Respublikada hujjatlar aylanmasiga elektron hisob varaq-fakturalarni keng joriy etish uchun tegishli normativ-huquqiy bazani yaratish va elektron hisob varaq-fakturani qog‘ozdagi hisob varaq-fakturaga tenglashtirish maqsadida, Soliq kodeksining 222-moddasiga tegishli qo‘shimcha kiritildi.

Jumladan, 2016 yil 1 yanvardan boshlab xizmatlar sohasidagi mikrofirma va kichik korxonalar yagona soliq to‘lovini 5 foizlik stavka bilan to‘laydilar. Ilgari ushbu stavka 6 foizni tashkil qilar edi. Ularning soliq yuki sanoat va qurilish korxonalarinikiga tenglashtirildi. Yagona soliq to‘lovi stavkasining pasaytirilishi taxminan 60 mlrd. so‘mni xizmatlar ko‘rsatuvchi kichik biznes korxonalari tasarrufida qoldirishga imkon yaratdi, bu mablag‘lar korxonalarni texnik va texnologik qayta jihozlashga yo‘naltirishi mumkin.

Bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar, ya'ni bojxona brokerlari uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi ham 2015 yildagi soliq stavkasiga nisbatan 1 foizli punktga pasaytirildi va 5 foiz qilib belgilandi.

Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i shkalasidagi eng kam ish haqining 1 baravaridan 5 baravarigacha bo‘lgan stavkasi 1 foizga pasaytirildi. 2016 yil 1 yanvardan u 7,5 foizni tashkil qiladi. 2015 yilda ushbu stavka 8,5 foizni tashkil qilar edi.

Top