19:19 / 14.04.2016
1962

Kuvaytda muhojirlar uchun elektr energiyasi va suv narxi oshirildi

Kuvayt parlamenti, mamlakatdagi xorijiy fuqarolar va biznes vakillari uchun suv hamda elektr energiyasi narxini ko‘tarishga ruxsat beruvchi qonun loyihasini tasdiqladi. Parlamentning 31 nafar a'zosi qonun loyihasini ma'qullagan bo‘lsa, 17 nafari unga qarshi chiqishgan. Yana ikki haftadan so‘ng, loyiha bo‘yicha ikkinchi va so‘nggi marotaba ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tadi.

Kuvayt qonun chiqaruvchi organi dastlab loyihani rad etgan, ammo mahalliy fuqarolarga nisbatan narxlar o‘zgarmasligi xususidagi band kiritilgach, loyiha muhokamasini boshlagan edi.

Agar loyiha ikkinchi ovoz berish jarayonida ham, tasdiqlangudek bo‘lsa, Kuvayt so‘nggi 50 yilda ilk marta elektr energiyasi narxini oshiradi. Aytish joizki, neft eksport qiluvchi boshqa davlatlar kabi Kuvaytning qora oltin eksportidan ko‘radigan daromadi keskin pasayib ketdi.

Loyiha, asosan xorijliklar istiqomat qiladigan ko‘p qavatli xonadonlar uchun elektr haqini hozirgi 1 kilovatt uchun belgilangan ikki fil (0.7 sent)dan 15 fil (5 sent) ga oshirishni ko‘zda tutadi. Tijorat maqsadida foydalanilgan har bir kilovatt narxi esa 25 fil (8 sent)gacha ko‘tariladi.

Suv narxi ham xuddi shunday deyarli ikki martaga oshiriladi.

Top