12:39 / 15.04.2016
1450

Kim Chen In bobosi tavalludining 104 yilligi munosabati bilan Kimsusan saroyiga tashrif buyurdi

Kim Chen In milliy bayram, KXDR asoschisi Kim Ir Sen tug‘ilgan kunining 104 yilligi munosabati bilan Kimsusan qasriga bordi. Shimoliy Koreya davlat rahbari xalq armiyasi qo‘mondonlik tarkibi hamrohligida saroyga tashrif buyurgan.

Uning nomidan saroydagi ikki generalissimus - Kim Ir Sen va Kim Chen Ir haykallari poyiga gulchambarlar qo‘yilgan. Parlament deputatlari esa, barcha koreyslar ushbu yodgorlik majmuasini, millat shon-sharafi va g‘ururi timsoli, muqaddas ziyoratgoh sifatida kelib ko‘rishlari lozim degan qarorni qabul qilishdi.

"Shu munosabat bilan KXDR poytaxti Pxenyanda tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi", deb xabar qilmoqda KMTA (Koreya markaziy telegraf agentligi).

Unda, vatan hamda Koreya xalq armiyasi oldidagi yuksak xizmatlari uchun uch nafar yuqori lavozimli harbiylarga vitse-marshal va marshal unvonlari taqdim etilgan. Butun mamlakat bo‘ylab "Kim Ir Sendek yashab, kurashamiz" shiori ostida ommaviy sayllar bo‘lib o‘tmoqda.

KXDR konstitutsiyasiga ko‘ra, Kim Ir Sen xalq respublikasining "abadiy prezident"i hisoblanadi. U 1994 yilda vafot etganidan so‘ng, uch yillik motam e'lon qilingan edi. Pxenyan stadioni, bosh maydoni va universiteti Kim Ir Sen sharafiga nomlangan.

Top