08:29 / 18.04.2016
1612

Braziliya kongressi deputatlar palatasi prezidentning impichmentini ma'qulladi

Braziliya kongressi deputatlar palatasining uchdan ikki qismi, ya'ni 342 nafar deputat 17 aprelda mamlakat prezidenti Dilma Rousseffning impichmenti (muddatdan avval iste'foga chiqarilish) uchun ovoz berdi.

Shu tariqa, impichment g‘oyasi deputatlarning ko‘pchilik qismi ma'qullashini oldi, biroq ovoz berish jarayoni hali davom etmoqda. Impichment bo‘yicha yakuniy qarorni oliy palata – Senat qabul qiladi. Senatda 10 kun davomida maxsus komissiya tuzilib, so‘ngra senatorlar impichment masalasi bo‘yicha ovoz berishlari kerak bo‘ladi.

Prezidentning o‘z lavozimidan 180 kunga vaqtinchalik chetlatish uchun kamida 41 senatorning ovozi, yakuniy impichment uchun esa Oliy sud rahbari raisligida senatning alohida yig‘ilishini o‘tkazish va kamida 54 ovoz to‘plash kerak bo‘ladi. Bu holda Braziliya rahbari majburiyatlarini 2018 yilgi saylovlargacha vitse-prezident Mishel Temer bajaradi.

Braziliya muxolifati prezidentning iste'foga ketishiga hamda unga nisbatan soliq qoidabuzarliklari va davlat mablag‘larini o‘z manfaatlari yo‘lida ishlatishda aloqadorlikka gumon qilgan holda tergov o‘tkazishga erishishga urinmoqda.

Deputatlar palatasida impichment bo‘yicha muhokama keskin tarzda o‘tdi. Har bir deputat mikrofon yoniga kelib, 10 soniya ichida o‘z qarori haqida "ha" yoki "yo‘q" deb aytishi kerak bo‘lgan. Biroq deyarli har bir deputat belgilangan vaqtdan chiqib ketib, Rousseff taqdiri haqida o‘z fikrini aytishni o‘ziga joiz deb bildi.

Talab qilingan 342 ovoz to‘plangandan keyin prezidentning iste'foga ketishi tarafdorlari buni nishonlay boshlashdi. Ular sakrab, "Ha!" deb yozilgan plakatlarni hilpirata va qo‘shiq ayta boshlashgan. Bu "xursandchilik" 1-2 daqiqa davom etgach, ovoz berish jarayoni davom ettirilgan.

Top