14:39 / 18.04.2016
3580

Qirg‘izistonda tashlandiq bolalar uchun bebi-boks o‘rnatish rejalashtirilmoqda

Qirg‘iziston respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Talantbek Botiraliyev mamlakat hududi bo‘ylab bebi-bokslar o‘rnatishni rejalashtirmoqda.

“Bu hayotiy zarurat. Biz o‘z ota-onasi tomonidan biror shahar yoki qishloq chetida taqdir hukmiga tashlab ketilgan bolalarni jimgina kuzatib o‘tira olmaymiz. Bunday tubanlikka qarshi davlat choralari ko‘rilishi, jamoatchilik e'tiborini qaratish lozim. Chunki kimningdir xatosi evaziga yangi hayotning bo‘g‘ilishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz”, - deya Botiraliyevning so‘zlarini keltirdi sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot markazi xodimi Yelena Bayalinova.

Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbarligi ostida bo‘lajak onalar uchun maxsus ma'lumot materiallari chop etilgan.

“2016 yil byudjyetida ushbu maqsadda xarajatlar ko‘zda tutilmagan. Lekin men zarur choralarni ko‘rishga harakat qilaman. Balki bebi-bokslar tug‘ruqxonalarning o‘zida o‘rnatiladi. Bunga katta mablag‘ ketmaydi”, - deydi vazir.

2016 yilning mart oyida Talas shahrida o‘z onasi ko‘chaga tashlab ketgan chaqaloqni itlar g‘ajib ketgan edi. Yanvarda esa Jalolobodda ona o‘z bolasini hojatxonaga tashlab yuborgandi.

Bebi-boks, hayot darichasi deb ham ataladi. U tashqi tomondan metalloplastik oyna va bino ichidan krovat-belanchak ko‘rinishida jihozlangan maxsus moslama. Uni tashqaridan ochib, chaqaloq maxsus krovatga qo‘yiladi, 30 soniyadan so‘ng hayot darichasi butun umrga qulflanadi. Bebi-boks atrofida nazorat kameralari ham, soqchilar ham yo‘q. Tashlab ketilgan norasida haqida bino ichkarisida qo‘ng‘iroq va chiroqning o‘chib-yonishi orqali bilib olishadi.

Top