16:25 / 19.04.2016
1957

Beverli-Hillzda avtonom boshqaruvli mashinalar jamoat transportlari sifatida foydalanishi yo‘lga qo‘yiladi

AQShning Beverli-Hillz shahri rahbariyati avtonom boshqaruv tizimiga ega mashinalardan iborat mashinalar parkini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi. Bunday avtomobillar jamoat transporti sifatida foydalanilishi yo‘lga qo‘yiladi.

«Beverli-Hillz – avtonom texnologiyalarni reallikka aylantirish uchun eng qulay joy hisoblanadi. Umumiy foydalanishdagi yo‘llarda ham haydovchisiz harakatlanadigan avtomobillarni xavfsiz qo‘llash mumkin. Biz o‘tmish texnologiyalaridan foydalanib na bugungi, na ertangi muammolarni hal eta olamiz. Avtonom avtoulovlar ko‘chalardan shaxsiy mashinalarni siqib chiqarib, avtoturargohlarga bo‘lgan talabni kamaytiradi va barcha uchun xavfsizlik va harakatchanlikni ta'minlay oladi», – deya ma'lum qildi shahar hokimi Jon Mirish.

Shaharda allaqachon kommunikatsiya va bir avtonom ulovdan boshqasiga ma'lumotlarni yetkazish uchun foydalaniladigan tarmoqni ishlab chiqish bo‘yicha ishlar boshlangan. Beverli-Hillzdagilar shu kabi transport vositalarini yaratish ustida ishlayotgan kompaniyalar o‘z mahsulotlarini shu shaharda sinovdan o‘tkazishlarini istashmoqda. Misol sifatida Google va Tesla nomlari keltirilgan.

Ayni paytda Google kompaniyasi rul chambaragi va pedallari bo‘lmagan mashinani yaratayotgan bo‘lsa, Tesla taklif etayotgan modellar belgilangan yo‘lda boshqa avtomobillar bilan oraliq masofani saqlagan holda harakatlanishi va haydovchining aralashuvisiz qayta saflanishni amalga oshirishi mumkin.

Shuningdek, Kia, Mercedes-Benz, Renault, Nissan va Ford kabi boshqa ko‘plab avtoishlab chiqaruvchilar ham avtopilotga ega mashina ishlab chiqarishga kirishgan. Hozirda bu kabi avtoulovlar umumiy foydalanishdagi yo‘llarda harakatlanmoqda. Masalan, Google haydovchisiz mashinalari AQShning umumiy foydalanishdagi yo‘llari bo‘ylab deyarli 2 mln km masofani bosib o‘tdi.

Top