12:19 / 19.04.2016
1322

GFR TIV nemis sayyohlariga Erdo‘g‘anni tanqid qilmaslikni maslahat bermoqda

Germaniya tashqi ishlar vazirligi Turkiyada dam olayotgan yoki ushbu mamlakatga sayohat qilmoqchi bo‘lgan fuqarolariga tavsiyalar ro‘yxatini chot etdi. Bu haqda Focus xabar bergan.

Xususan nemislar jamoat joylarida suhbatlashganlarida muloqot mavzusiga diqqat qilishlari maqsadga muvofiqligi aytilgan.

«Asosiy jinoiy-huquqiy tavsiyalar» bo‘limida turk hukumatini ochiqchasiga tanqid qilishdan, jumladan Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an sha'niga nomunosib so‘zlarni aytishdan o‘zlarini tiyish maslahat berilgan.

Bundan tashqari, tavsiyalarda terroristik tashkilotlarga nisbatan xayrixohlik bildirish ham nojoizligi haqida so‘z yuritiladi.

"Nemis telekanalida Erdo‘g‘anni mazax qiluvchi she'r o‘qib bergan teleboshlovchi va satirik Yan Bemermanga nisbatan tergov ishlari boshlangani e'tiborga olinadigan bo‘lsa, ushbu tavsiyalar ahamiyatlidir", deb yozadi nashr.

Biroq, Germaniya TIV ushbu tavsiyalarning satirik bilan bog‘liq mojaroga umuman aloqasi yo‘qligini ta'kidlamoqda.

Top