21:50 / 19.04.2016
1760

TIVda O‘zbekiston-Avstriya siyosiy maslahatlashuvlarning 5-raundi bo‘lib o‘tdi

2016 yilning 19 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Avstriya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi G‘arbiy Bolqon, Sharqiy Yevropa, Janubiy Kavkaz, Markaziy Osiyo va Markaziy Yevropa tashubbusi Departamenti direktori Haydemariya Gurerni qabul qildi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Avstriya kun tartibining dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Ikki tomonlama shaklda va xalqaro tashkilotlar doirasida hamkorlikni rivojlantirishdan ikki taraf ham birdek manfaatdor ekanligi tasdiqlandi.

Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida muntazam muloqotlar ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p tarmoqli hamkorlikning muhim vositasi ekanligi qayd etildi.

Uchrashuvda turli darajadagi bo‘lajak uchrashuvlar jadvali yuzasidan fikr almashildi.

Shu kunning o‘zida Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning beshinchi raundi bo‘lib o‘tdi. Ushbu maslahatlashuvlar davomida siyosiy, savdo, ivestitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish istiqbollari batafsil muhokama qilindi.

Muloqot chog‘ida iqtisodiy sohadagi munosabatlarni mustahkamlashning ustuvor yo‘nalishlariga alohida e'tibor qaratildi. Shu o‘rinda ta'kidlandiki, ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazish va qo‘shma biznes-forumda ishtirok etish uchun kelgan Avstriya yetakchi kompaniyalari nufuzli delegatsiyasining shu kunlardagi Toshkentga tashrifi O‘zbekiston va Avstriya ishbilarmon doiralarining o‘zaro manfaatli munosabatlarni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga bo‘lgan qiziqishi oshayotganini tasdiqlaydi.

Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy siyosatning ba'zi muammolari ham muhokama qilindi.

Top