17:19 / 21.04.2016
2212

Karlos Keyrush: “Guruhimiz favoritlari - Janubiy Koreya va Qatar”

Jahon chempionati-2018 uchinchi saralash bosqichida O‘zbekiston terma jamoasi bilan bir guruhdan joy olgan Eron terma jamoasi bosh murabbiyi Karlos Keyrush guruhda boshqa ikki terma jamoani favorit deb bilishini ma'lum qildi. Uningcha, Janubiy Koreya va Qatar terma jamoalari O‘zbekiston va Eron terma jamoalaridan kuchliroq sanaladi.

“Ta'kidlash kerakki, biz teng kuchga ega bo‘lgan jamoalardan iborat guruhdan joy oldik. Raqobatchi jamoalar darajasi nuqtai nazaridan ham, parvozlar nuqtai nazaridan ham guruhimiz ancha mo‘'tadillashgan. Shuning uchun ham, hech kimda qur'a natijalari borasida e'tiroz bo‘lmasa kerak”, — deya so‘z boshladi portugaliyalik mutaxassis.

“Ikkinchidan, bizda 2014 yilgi jahon chempionati saralashining ushbu bosqichida jamlangan jamoalardan tuzilgan va unga bu safar Xitoy qo‘shilgan “rimeyk” guruh tarkib topdi. Xitoy bilan bu guruh o‘sha, avvalgi mundial saralashidagidan ko‘ra ancha kuchliroqqa aylandi. Menimcha, bizning guruh favoritlari — Janubiy Koreya va Qatar. “B” guruhida Avstraliya va Yaponiya yaqqol favorit hisoblansa, bizda — mana shu ikki jamoa”.

Eron, O‘zbekiston va Xitoy esa Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun bir xil imkoniyatga ega, deb o‘ylayman. Biz Yaponiya, Janubiy Koreya va Avstraliya Jahon chempionating doimiy ishtirokchisi ekaniga ko‘nikib qolganmiz. Qolgan bir yo‘llanma uchun esa 7-8 jamoa o‘zaro kurash olib boradi. O‘ylashimcha, bu kurash juda murakkab va qiziqarli bo‘ladi. Chunki Osiyoda ham barcha futbol o‘ynashni o‘rganib oldi va faqat o‘yinga yuz foiz tayyor holda yetib kelgan jamoalar g‘alabani qo‘lga kiritadi. Yana ba'zan shunday bo‘ladiki, sen o‘yinni maydonda emas, maydondan tashqarida ham boy berib qo‘yishing mumkin, agar uzoq parvozlar bo‘lsa. Bizning guruhda unday muammo bo‘lmaydi, menimcha”.

63 yoshli mutaxassis raqiblar haqida alohida to‘xtalib o‘tib, ularning kuchli jihatlarini ko‘rsatib o‘tdi.

“Biz barcha raqiblarimizni hurmat qilamiz. Ular haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, aytish joizki, Janubiy Koreya terma jamoasi tarkibida xorij chempionatlarida, ayniqsa Yevropaning kuchli chempionatlarida o‘ynaydigan mahoratli futbolchilar bor. Shu sababdan ham ularga qarshi o‘ynash, ularni mag‘lub qilish juda qiyin bo‘ladi. Qatar esa so‘nggi vaqtlarda futbol rivoji yo‘lida katta mablag‘ sarflayapti va ularda sohaning eng kuchli mutaxassislari ish olib boryapti. Ularga qarshi o‘yin ham murakkab kechishi aniq. Xitoy o‘z tarkibini ancha yoshartirgan va bu safar Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishni juda istayapti.

Umuman olganda, bu raundda hech bir o‘yin oson o‘tmaydi. Lekin Janbuiy Koreya, O‘zbekiston va Qatar bilan o‘yinlar ayniqsa og‘ir kechishini tan olish kerak. Shu bilan bir paytda, Xitoyni ham hisobdan chiqarib tashlash yaramaydi. Ularda yosh, g‘alabaga chanqoq jamoa yig‘ilgan va ular istalgan vaqtda, har qanday favoritni yengib qo‘yishi mumkin.

Raqiblar haqidagi fikrlarimni, Suriya to‘g‘risidagi izoh bilan yakunlamoqchiman. Avvalambor, men Suriya xalqini, terma jamoa murabbiylar shtabi va futbolchilarni yakuniy bosqichga yo‘l olganliklari bilan tabriklayman. Biz ushbu mamlakatda nimalar bo‘layotganini yaxshi bilamiz. Shunga qaramay ular mana shu yergacha yetib kelishdi. Bu esa yuksak hurmatga sazovor ish”, — deydi Keyrush.

Top