17:31 / 22.04.2016
1872

Mercedes-AMG o‘rta motorli gibrid superkarini ishlab chiqmoqda

Mercedes-Benz kompaniyasi qoshidagi AMG tyuning atelesi o‘rta hajmli motor o‘rnatiladigan gibrid superkari ishlab chiqish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. U Mercedes-AMGning ikkinchi superkari bo‘lishi kutilmoqda. Hozircha mazkur zavod tomonidan AMG GT sportkari ishlab chiqilgan, deb yozmoqda Autocar nashri.

Model konstruksiyasida karbon va alyuminiydan foydalanish, unga ishchi hajmi uncha katta bo‘lmagan V6 motorini o‘rnatish rejalashtirilgan. Mercedes-AMG, shu yo‘l bilan o‘z mashinalarini imkon qadar Formula-1 poygalarida ishtirok etgan avtomobillariga o‘xshatish niyatida. Nemis avtomobilsozlari jamoasi Lyuis Xemilton boshqaruvida ikki marta jahon chempionatida g‘alaba qozongan edi.

Ammo Mercedes-AMG Porsche 918 Spyder, McLaren P1 yoki Ferrari LaFerrari mashinalariga raqobatchi yaratish istagida ham emas. Yangi superkar, McLaren 650S va Ferrari 488 bilan raqobatlasha oladigan BMW i8ga o‘xshash yuqori texnologiyali, lekin ulkan quvvatli avtomobil bo‘lishi kutilayapti.

Mercedes-AMG superkari ikki xil ko‘rinishda: tomi qattiq qoplamali va orqaga ochiluvchi namunada ishlab chiqiladi.

Avvalroq Mercedes-AMG shu yilning oxirigacha 10ta yangi model ishlab chiqishi kutilayotgani xabar qilingan edi. Ularning aksariyati, Mercedes-Benz avtomobillarining kuchaytirilgan namunasi bo‘ladi. Masalan, Mercedes-AMG GLC 63 krossoveridan tashqari, GT superkarining yangi modifikatsiyasi va tomi ochiq namunasi ham tayyorlanmoqda.

Top