10:31 / 22.04.2016
1575

Samarqandlik “odamfurush”ga 10 yillik qamoq jazosi tayinlandi

Tirikchilik o‘tkazish, ro‘zg‘orini butlash ilinjida chet mamlakatga yo‘l olgan Sanjar O‘lmasovning o‘zga yurtda omadi yurishmadi. Samarqandga qaytib kelganidan so‘ng ishbilarmonlik borasida halollikni pisand qilmagan edi, pand yedi.

2010 yilda Samarqand shahar sudining hukmi bilan 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, jarima jazosiga tortildi. Unga hukumat tomonidan bag‘rikenglik ko‘rsatilib, amnistiya aktiga asosan jarima jazosidan ozod qilindi.

S.O‘lmasov g‘arazli va past niyatlarda moddiy boylik orttirishni maqsad qilib, O.Zubaydulloyeva, N.Tajibayeva (jinoyat ishining ularga nisbatan qismi mazmunan hal etilgan) va boshqa noma'lum shaxslar bilan til biriktirib, odam savdosidek jirkanch jinoyatga qo‘l urdi.

O.Zubaydulloyeva boshchiligidagi uyushgan guruhning a'zosiga aylangan Sanjar “rahbar” tomonidan taqsimlangan vazifaga ko‘ra, jinoiy to‘da a'zolarining Birlashgan Arab Amirliklaridagi supermarketda yuqori maoshli ish bilan tayyorlangan xo‘ragiga ilinib, o‘zga mamlakatga yo‘l olgan sodda fuqarolarni BAA davlatiga olib borish, keyinchalik ulardan shahvoniy maqsadlarda foydalanish uchun viza va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirish tadbirlari bilan shug‘ullanish lozim edi. U bu ishni qoyillatib bajaradi.

Avvaliga N.Tajibayeva bilan aldov qurboniga aylanib, o‘zga mamlakatga borgan, guruh a'zolari tomonidan fohishalik bilan shug‘ullanishga mahkum etilgan fuqaro K.Qulmurodovaga (jabrlanuvchilarning ism-familiyasi o‘zgartirilgan) BAAda yurishi uchun viza hujjatlarini tayyorlab beradi.

Keyinchalik esa V.Eraliyevaning BAA davlatiga borishi uchun zarur bo‘lgan viza hujjatlarini tayyorlab, jo‘natib yuboradi. Fuqaro u yerda 40 ming dirham ishlab berish sharti bilan fohishalik qilishga majbur bo‘ladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi tomonidan S.O‘lmasovga O‘zbekiston Respublikasi JKning 135 –moddasi 3–qismi “g” bandi bilan 10 (o‘n) yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Top